Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar qachon bo‘lishi aytildi
Olam
−
25 yanvar 5530 2 daqiqa
AQSH vositachiligida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar 1 fevral kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AQSHning ismi oshkor etilmagan rasmiysi OAV vakillari bilan telefon brifingida ma’lum qildi.
U Abu-Dabida o‘tkazilgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi dastlabki to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni “katta qadam” deb atadi.
AFP keltirgan iqtibosga ko‘ra, AQSH vakili tomonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat sezilganini ta’kidlagan.
“Zalda tomonlar bir-biriga nisbatan katta hurmat ko‘rsatdi, chunki ular chindan ham yechim topishga intildi. Biz masalalarni eng mayda jihatlarigacha muhokama qildik. Xudo xohlasa, kelasi yakshanba kuni (1 fevral) yana bir uchrashuv bo‘lib, bu kelishuvni yakuniy bosqichga olib chiqamiz”, degan u.
Keyinroq bu bahoni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff ham tasdiqlagan.
“Muzokaralar juda konstruktiv o‘tdi, kelasi hafta Abu-Dabida muzokaralarni davom ettirish rejalashtirilgan”, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.
AQSH rasmiysining ma’lum qilishicha, 22 yanvar kuni Moskvada Stiv Uitkoff, AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner hamda Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryuyenbaum Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘rt soat davom etgan uchrashuv o‘tkazgan.
Ushbu uchrashuv juda samarali bo‘lgan, unda hal etilmay qolgan masalalar muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov muzokaralarda hududiy masala muhim o‘rin tutganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ankoridj formulasi asosida hududiy masala hal etilmas ekan, uzoq muddatli kelishuvga erishish qiyin.
Rossiya, Ukraina va AQSH vakillari o‘rtasidagi muzokaralar 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. Ukraina delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov rahbarlik qildi. Muzokaralarda Prezident devoni rahbari Kirill Budanov ham ishtirok etdi.
Rossiya delegatsiyasiga Mudofaa vazirligi vakillari, jumladan Bosh shtab Bosh boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchilik qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralarni ijobiy baholab, muhokamalar konstruktiv bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar urushni yakunlash shartlari va Ukraina xavfsizlik kafolatlari masalasini muhokama qilgan.
Shu bilan birga, muzokaralar arafasida Moskva Donbass hududidan Ukraina qo‘shinlarini to‘liq olib chiqish talabini yana bir bor tasdiqladi. Kiyev esa bu talabni qat’iyan rad etmoqda.
Muzokaralarning birinchi kunidan so‘ng Rossiya Ukrainaga navbatdagi keng ko‘lamli raketa va dron hujumini amalga oshirdi. Kiyev rasmiylari bu zarbalar tinchlik jarayoniga qarshi qaratilganini bildirdi.
Live
Barchasi