Rossiya va Ukraina bugun kechqurun muzokara o‘tkazadi
Olam
−
23 iyul 4582 2 daqiqa
Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining Istanbuldagi muzokaralari bugun, 23 iyul kuni kechqurun o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyati aloqalar bo‘limiga tayanib, “Ukrinform” xabar berdi.
Qayd etilishicha, muzokaralar mahalliy vaqt bilan soat 19:00 ga belgilangan, bu Moskva va Kiyev vaqtiga to‘g‘ri keladi. Uchrashuv Beshiktosh tumanida, Chirog‘on saroyida bo‘lib o‘tadi
Kecha, 22 iyul kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Istanbulda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarning uchinchi raundida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari urushni tugatish shartlari bo‘yicha har ikki tomonning memorandumlar loyihalarini muhokama qilishini aytgandi. Shu bilan birga, u tomonlarning tinch yo‘l bilan kelishuv bo‘yicha takliflarini “mutlaqo diametral qarama-qarshi” deb atadi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa avvalroq bo‘lajak uchrashuvdagi asosiy mavzular o‘t ochishni to‘xtatish, navbatdagi mahbuslar almashinuvi va Rossiyaga noqonuniy olib ketilgan ukrainalik bolalarni o‘z vatanlariga qaytarish bo‘lishi kerakligini aytgan edi.
Zelenskiy, shuningdek, muzokaralar uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuviga tayyorgarlikni boshlashini aytdi. 22 iyul kuni buni izohlar ekan, Dmitriy Peskov shunday dedi:
“Birinchidan, yuqori va eng yuqori darajadagi ba’zi uchrashuvlarni aniq ma’noda o‘tkazish imkoniyati haqida gapirishdan oldin juda ko‘p ish qilish kerak”.
Muzokaralarning birinchi raundi 16 may kuni Istanbuldagi Dolmabaxche saroyida bo‘lib o‘tdi. 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi muzokaralar chog‘ida esa Rossiya va Ukraina og‘ir yaralangan askarlar va 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish, shuningdek, urushda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning 6000 jasadini bir-biriga topshirishga kelishib oldi.
Live
Barchasi