Rossiya va Ukraina bir-birining harbiy havo kuchlariga zarba berdi
Olam
−
16 may 2023 15423 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Kiyevdagi Amerikaning “Patriot” zenit-raketa majmuasiga gipertovushli “Kinjal” raketasi bilan zarba berilganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik vakili Igor Konashenkovning bugun, 16 may kuni e’lon qilingan bayonotida so‘z bordi.
Aytilishicha, Rossiya kuchlari nafaqat “Patriot” zenit-raketa majmuasini yo‘q qilgan, balki havo hujumidan mudofaa tizimlari yordamida Britaniyada ishlab chiqarilgan “Storm Shadow” raketalarini tutib olgan.
“Havo hujumidan mudofaa tizimlari kun davomida yettita uzoq masofali “Storm Shadow” qanotli raketalarini, uchta HARM antiradar raketalarini va yettita HIMARS yalpi raketalarini zararsizlantirdi”, degan Konashenkov.
Igor Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, hujum otryadlari Baxmut shahrining g‘arbiy chekkasida janglarni davom ettirmoqda.
Ayni paytda Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov mamlakatning havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiyaning oltita “Kinjal” raketasini urib tushirganini e’lon qildi.
“Ukraina havo kuchlarining yana bir ajoyib muvaffaqiyati! O‘tgan 24 soat ichida bizning osmon himoyachilarimiz Rossiyaning oltita gipertovushli “Kinjal” raketasini va boshqa 12 ta raketasini urib tushirdi. Rossiyalik “terrorchilar” Ukrainani egallay olmaydi. Ularning qurollariga G‘arb qurollari qarshi tura oladi va bu shart ham. Havo kuchlarimiz xodimlari hamda Ukraina va butun Yevropa osmonini himoya qilishga sarmoya kiritgan hamkor davlatlarimizga rahmat. Keling, birgalikda g‘alaba qozonaylik!”, deb yozgan Reznikov Twitter'dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 may kuni ertalab Rossiya uchuvchisiz samolyotlar, qanotli va ballistik raketalar yordamida Kiyevga favqulodda shiddatli havo hujumini uyushtirgandi. Kiyev meri Vitaliy Klichko raketa qismlari qulab tushishi oqibatida bir necha mashina yonib ketgani va poytaxt g‘arbidagi Solomenskiy tumanidagi binoga zarar yetganini, uch kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.