Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida ilk avtomobil ko‘prigi ochildi
Olam
−
08:37 2062 2 daqiqa
Rossiya va Shimoliy Koreya Tumangan daryosi orqali o‘tuvchi birinchi avtomobil ko‘prigini ochdi. Bu haqda Rossiyaning davlat agentligi TASS xabar berdi.
Bir kilometr uzunlikdagi ikki qatorli ko‘prik ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam sifatida baholanmoqda. U Rossiyaning Xasan shahri va Shimoliy Koreyaning Reson shahri yaqinidagi hududlarni bog‘laydi.
Qayd etilishicha, ko‘prikning ochilish marosimida Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Shimoliy Koreya Bosh vaziri Pak Txe Son videomuloqot orqali ishtirok etgan. Mishustinning ta’kidlashicha, yangi transport yo‘lagi ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnologik va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yangi ko‘prik mavjud temiryo‘l “Do‘stlik ko‘prigi” yaqinida qurilgan. Ushbu temiryo‘l ko‘prigi 1959 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, yangi avtomobil yo‘li Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi transport aloqalarini kengaytirish imkonini beradi.
Ko‘prik qurilishi 2025 yil aprelida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2024 yilda Shimoliy Koreyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlardan so‘ng boshlangan.
Moskva va Pxenyan so‘nggi yillarda, xususan, Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlanganidan keyin munosabatlarni sezilarli darajada chuqurlashtirdi. Yangi ko‘prik ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va logistika aloqalarini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya va Shimoliy Koreya mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi