Rossiya va Xitoy G‘arbning “o‘yinlari”ni yaxshi biladi – Lavrov
Olam
−
18 yanvar 2023
9668Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 18 yanvar kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqa davlatlar yordamida Rossiya va Xitoyni ham “nazorat qilish”ga urinayotganini, biroq uning “o‘yinlari”dan ikkala davlat ham xabardor ekanini aytdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Lavrov Rossiya diplomatiyasining 2022 yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazgan va unda G‘arb hozirda ikkala davlatni – Rossiya va Xitoyni tahdid sifatida ko‘rishini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington ikkala davlatni bir vaqtning o‘zida nazorat qilish uchun yetarli darajada qudratli emas, shuning uchun Yevropa, Yaponiya va boshqalarni shu maqsad yo‘lida safarbar qilmoqda. Shuningdek, G‘arb Rossiya va Xitoy o‘rtasida ixtilof chiqarishga ham harakat qilmoqda. Biroq Rossiya ham, Xitoy ham bu o‘yinlarni ko‘rib turibdi.
Takidlash joizki, Rossiya Ukrainada urush olib borayotgan va G‘arb bilan iqtisodiy aloqalari ketma-ket sanksiyalar to‘lqinlari fonida barbod bo‘lgan bir paytda, Moskva uchun Xitoy bilan munosabatlarining strategik ahamiyati juda muhim.
“Pekin bilan aloqalar hech qachon bunchalik mustahkam bo‘lmagan. Ikki davlat G‘arbga qaramlik va sanksiyalarga duchor bo‘lishni kamaytirish maqsadida o‘zaro savdoni o‘z milliy valyutalariga o‘tkazmoqda”, deydi Lavrov.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning fevralida Rossiya va Xitoy “cheklovsiz hamkorlik” shartnomasini imzolagan edi. Rossiyaning G‘arb bilan aloqalari yomonlashgani ortidan ham ularning iqtisodiy aloqalari yanada jadallashgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi