Rossiya va Belorus Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi

Sport

image

Rossiya va Belorus sportchilari 2026 yilgi Milano–Kortina qishki Paralimpiya o‘yinlarida qatnasha olmaydi. Bu haqda Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) matbuot xizmati xabar berdi.


2025 yil sentyabr oyida IPC Bosh assambleyasi Belarus va Rossiya Milliy Paralimpiya qo‘mitalari faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaslikka ovoz berib, ularning a’zolik huquqlarini tiklagan edi. Bu qaror sportchilarga xalqaro federatsiyalar qoidalariga muvofiq musobaqalarda qatnashish imkonini berardi. Biroq, o‘yinlar dasturidagi har bir sport turi bo‘yicha mas’ul federatsiyalar alohida qaror qabul qildi. Oqibatda ikkala davlat vakillari saralash bosqichida qatnashish imkonidan mahrum bo‘ldi.

Xalqaro chang‘i va snoubord federatsiyasi (FIS), Xalqaro biatlon ittifoqi (IBU), Jahon kyorling federatsiyasi hamda Jahon para-xokkey tashkiloti Rossiya va Belarus sportchilarini o‘z musobaqalaridan chetlashtirish qarorini kuchda qoldirdi.

Paratog‘ chang‘isi, para-chang‘i va para-snoubord: FIS kengashi joriy yilning 21 oktyabr kuni Rossiya va Belarus sportchilarining saralash musobaqalarida ishtirok etishiga qarshi ovoz berdi.

Parabiatlon: IBU 2022 yilda qabul qilingan qarorga binoan har ikki davlat biatlon federatsiyalarini musobaqalardan chetlatganini tasdiqladi.
Nogironlar aravachasida kyorling: World Curling tashkiloti Belarus va Rossiyani 2024–2025 yilgi mavsum oxirigacha musobaqalardan chetlatish muddatini uzaytirdi. Shu sababdan, har ikki davlat jamoalari Milano Kortina 2026 qishki Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma ololmaydi.
Para-xokkey: Rossiya nazariy jihatdan qatnashishi mumkin bo‘lsa-da, saralash turniri uchun oltita jamoa allaqachon aniqlangan. Belarusda esa xalqaro darajadagi para-xokkey jamoasi yo‘q.

IPC prezidenti Endryu Parsons bu qarorlarni izohlab, har bir xalqaro federatsiyaning mustaqil pozitsiyasini hurmat qilinishini ta’kidladi:

“FIS, IBU va World Curling'ning qarorlari Rossiya va Belarus sportchilarining o‘z musobaqalarida qatnashishini istisno qiladi. Bu ularning Milano–Kortina 2026 Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishini amalda imkonsiz qiladi”, deydi Parsons.

Ma’lumot uchun, Milano–Kortina qishki Paralimpiya o‘yinlari 2026 yilning  6–15 mart kunlari o‘tkaziladi. Unda oltita sport turi bo‘yicha 79 ta medal jamlanmasi uchun bahs olib boriladi. Shu bilan birga, musobaqada 1976 yilda Shvetsiyaning Ernshyoldsvik shahrida o‘tkazilgan ilk Qishki Paralimpiya o‘yinlarining 50 yilligini nishonlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Xalqaro Paralimpiya qo'mitasi Xalqaro chang'i va snoubord federatsiyasi Xalqaro biatlon ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar