Rossiya va belaruslik sportchilar Osiyo o‘yinlarida qatnashadi
Olam
−
08 iyul 2023
5294Rossiya va Belarus sportchilariga joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlari musobaqalarida qatnashishga ruxsat berildi. Bu haqda “Inside The Game” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur musobaqalarda Rossiya va Belarusdan 500 nafargacha sportchi qatnashishi yuzasidan kelishib olingan. Shuningdek, 2024 yilda Parijda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan 31 sport turining boshqaruv organlari ushbu ikki mamlakat sportchilarining musobaqalarda qatnashish-qatnashmasligi bo‘yicha qaror qabul qilishi belgilangan.
Joriy yilning 23 sentyabridan 8 oktyabriga qadar bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlari musobaqasida Rossiya va Belarus sportchilari neytral bayroq ostida qatnashishi, hech bir milliy ramzlarga yo‘l qo‘yilmasligi hamda rossiyalik va belaruslik sportchilar bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan taqdirda ularga medal berilmasligi ma’lum qilingan.
Ikki davlat sportchilariga bunday imkoniyat berilayotganiga sabab ularga 2024 yilgi Parij olimpiadasida ishtirok etishi uchun maxsus standartlarni bajarish imkoniyatini berishdan iborat.
Osiyo o‘yinlarining jamoaviy sport turlari bo‘yicha musobaqalariga Rossiya va Belarus sportchilarining taklif qilinishi hozircha aniq emas. Shuningdek, bunday imkoniyat boks singari qit’aviy kvotalar mavjud bo‘lgan sport turlariga qanday shaklda joriy qilinishi ham ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiya va Belarus sportchilari xalqaro musobaqalardan chetda qolmoqda.
LiveBarchasi