Rossiya va Hindiston migrantlar bo‘yicha bitim tayyorlamoqda
Olam
−
10 noyabr 2025 7366 2 daqiqa
Rossiya va Hindiston hindistonlik mehnat muhojirlariga kafolatlar berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “The Economic Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta Qatarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya va Hindiston mehnat vazirlari hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Rossiyada hindistonlik mehnat muhojirlarining huquqlarini kafolatlash bo‘yicha kelishuv tayyorlanmoqda. Yaqin yillarda Rossiyadagi hindistonlik ishchilar soni sezilarli darajada ortishi kutilmoqda.
Hindistondan kelgan ishchilar Rossiya hududida asosan qurilish sohasi va to‘qimachilik sanoatida band. Shuningdek, mashinasozlik va elektronika sanoatida ham mutaxassislarga talab ortib borayotgani qayd etilgan.
Mazkur kelishuv Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi chog‘ida, Bosh vazir Narendra Modi bilan uchrashuvi doirasida imzolanishi mumkin. Vladimir Putin ilgariroq Hindistonga dekabr boshida tashrif buyurishni rejalashtirayotganini bildirgan. Hindistonning NDTV va “News18” telekanallari tashrifning 5-6 dekabr kunlari bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan.
Rossiya Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda hindistonlik ishchilarni jalb qilish kvotasi 71,8 ming kishini tashkil etadi — bu xorijlik ishchilar uchun ajratilgan umumiy kvotaning qariyb uchdan bir qismiga teng.
Mutaxassislarning fikricha, o‘sib borayotgan hind diasporasi yaqin yillarda Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning muhim tayanchi bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalaridan keyin Hindistonning neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyaning Urals markali neftini sotib olishni to‘xtatib, kutish rejimiga o‘tgandi.
Live
Barchasi