Rossiya O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmoqda 

Tahlil

Toshkent shahridagi maktablardan biridagi rus tili darsida o‘qituvchi o‘quvchini ayovsiz kaltaklagani ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi "oyoqqa turdi". 

Chilonzor tumanidagi 188-maktabda 23 sentyabr kuni taxminan soat 15:00 lar atrofida 6-sinf o‘quvchisi rus tili fani darsida o‘qituvchiga gap qaytargan va tortishib qolgan.
 
O‘zbekistonda bo‘lgan bu holatga bir kun ham o‘tmay, hali o‘zbekistonliklarning qulog‘iga to‘liq yetib-yetmayoq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova o‘zining achchiq bayonoti bilan chiqdi.  U o‘qituvchining 6-sinf o‘quvchisini rus tili darsida urishini “rus tiliga nisbatan adovat” sifatida qabul qilgan va bu bo‘yicha O‘zbekiston hukumatidan izoh talab qilgan.

“Biz O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘radik. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda, ayniqsa, til nuqtai nazaridan, hech qanday adovatga o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Izchil chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, rus tilining ko‘p asrlik aloqalarimizda qo‘llanilishining foydali ta’sirini jamoatchilikka eslatish, madaniy-ma’rifiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘zaro boyitish zarur.
O‘zbekiston tomoni OAVda tarqalgan materialga zudlik bilan huquqiy baho berish va agar asoslansa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan chora ko‘rish so‘raladi. Biz bu masalani diqqat bilan kuzatib boramiz”, dedi Zaxarova.

Sotsiolog Shuhrat Rasul Zaxarovaning bu bayonotini “bosim” deb baholadi.

“Shubhasiz bu bosim. Juda qo‘pol ravishda boshqa bir davlatning ichki ishlariga aralashishdir. Oddiy bir o‘zbek maktabida ustoz va o‘quvchi o‘rtasida maishiy kelishmovchilik yuz bergan. Videodagi ovozlardan shuni tushunish mumkinki, qandaydir o‘quvchining xatosiga ustoz noadekvat javob qaytaryapti. Lekin bu javobda hech qanaqa millatchilik, biron bir tilga hurmatsizlik yo‘q. Maktabdagi bu holatni ikki davlat o‘rtasidagi katta bir muammoga aylantirish, oraga sovuqchilik tushurish va bunda nafaqat voqeada ishtirok etayotganlarni, balki, O‘zbekistonning faollarini, hukumatini, Tashqi ishlar vazirligiga tuhmat yog‘dirish mutlaqo xatolik deb o‘ylayman”, dedi u.

Holatni yaqindan o‘rgangan Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning QALAMPIR.UZ’ga tushuntirish berishicha, o‘qituvchi rus tili o‘qituvchisi bo‘lmagan, balki maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kerak bo‘lgan. Bu holatda “tilga adovat” haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. O‘quvchi ham, o‘qituvchi ham o‘zbek va muhimi o‘zbekistonlik. 

“Avvalo, Zaxarova xonim diplomatiya alifbosidan mutlaqo uzoqlashib ketgan. Boshqa bir suveren davlatning ichida bo‘layotgan maishiy bir muammolarni “unday kuzatamiz”, “bunday kuzatamiz” deyishining o‘zi katta bir davlatning diplomatiyasi noto‘g‘ri ishlayotganini ko‘rsatadi. Shuning o‘ziyoq Rossiyaning O‘zbekiston suverenitetini tahqirlash, bizning mustaqilligimizni mensimaslik, bizga mentorlik qilish, o‘qituvchi bo‘lish kabi harakatlar ko‘rinyapti”, dedi Shuhrat Rasul.

Boshqa siyosatshunoslar ham Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilasining xatti-harakati hech bir qonuniy me’zonlarga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. QALAMPIR.UZ savollariga javob bergan siyosatshunoslar – Farhod Tolipov va Farhod Karimovlar o‘qituvchining o‘quvchiga bo‘lgan munosabatini oqlamaydi. Ammo nima bo‘lganda ham O‘zbekiston o‘z muammosini o‘zi hal qila oladi.

“Mariya Zaxarova yana bir bor o‘zining imperiyalistik chiqishini namoyon etdi. Go‘yoki O‘zbekistonda rus tili tahqirlanayotgandek, rus tiliga hurmatsizlik bildirilayotgandek xulosa qilgan holda darrov o‘z reaksiyasini bildirdi. Bu masalani diqqat e’tiborimizda tutamiz, degani va O‘zbekiston tomonidan tushuntirish talab qilgani aslida xuddi biz aytgan strategik sherikchilikka zid harakatdir”, dedi siyosatshunos Farhod Tolipov.

“Nima bo‘lganda ham bu bizning ichki ishlarimiz va bunday muammolarimizdir qonunchilik asosida qabul qilingan me’yorlar asosida tartibga solinadi, javobgarlik belgilanadi. Mariya zaxarova esa maktabdagi holatni bolaning tili bilan bog‘liq holatda ketib chiqdi, deya talqin qilib, o‘qituvchi jazolanishini talab qilib chiqdi. Birinchi navbatda bizning qonunchiligimizda kimningdir tashabbusi bilan ish ko‘rilmaydi. Chunki o‘rnatilgan ma’lum bir tartib-qoida bor va ichki-ishlarimizga aralashmaslik ularning ham Konstitutsiyasida belgilangan. Shunday ekan Rossiya Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibidan bizning ishlarimizga aralashmaslikni so‘rab qolamiz”, dedi boshqa bir siyosatshunos Farhod Tolipov.

Xo‘sh, o‘zi umuman Rossiya O‘zbekistonda bo‘layotgan voqea hodisalarga nisbatan nega buncha ta’sirchan bo‘lib qoldi? Nega Rossiya Federatsiyasi ochiqdan-ochiq boshqa mamlakat ishlariga aralashyapti va o‘zining siyosiy statusi haqida bosh qotirmayapti? 

“Yaqinda O‘zbekistonga Germaniya konsleri Olaf Shols kelganida ham Rossiya Tashqi ishlar vaziri Lavrov ham talabalar bilan uchrashib Zaxarovadan ham o‘tadigan gaplarni aytgandi. Go‘yoki O‘zbekiston Rossiyaning guberniyasi, u mustaqil davlat emas, ular kimlar bilan uchrashadigan bo‘lsa, oldin Moskvadan ruxsat so‘rashi kerakligi mazmunida gapirgan edi. Undan tashqari, Lavrov muntazam ravishda O‘zbekistonning strategik sheriklarini “o‘zlariga og‘dirib olishda” ayblab keladi. Go‘yo ular bilan hamkorligimiz Rossiya bilan aloqalarga putur yetkazadigandek, tushunarsiz, diplomatiyaga xos bo‘lmagan, rashkka o‘xshash gaplar gapirib kelmoqda”, dedi Shuhrat Rasul.

“Mariya Zaxarovaning shunday chiqishlar qilishi birinchisi emas. Oldin ham xuddi shunday noto‘g‘ri mazmunda bayonotlar berganida, til masalasi ko‘tarilganda u bunga zudlik bilan reaksiya bildirib, O‘zbekistonda rus tiliga siyosat o‘zgaryapti, yomonlashyapti, degan pala-partish xulosa chiqarganida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri, hattoki Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham  unga javob qaytarilgan edi. Bunday javoblarni unutgan bo‘lishi mumkin emas, aslida. Ammo baribir u bizga ustozlik qilishni davom ettirmoqda”, dedi Farhod Tolipov.

Ayni paytda saylov targ‘iboti bilan band bo‘lgan, doimiy ravishda Rossiya bosimiga qarshilik ko‘rsatgani uchun allaqachon Rossiyada “rusafob” laqabini olishga ulgurgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ni ham javobsiz qoldirmadi.

Uning aytishicha, bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzilgan va chorasi ham O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi.

“Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘palondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi, degan xulosaga ertaroq shekilli”, degan Alisher Qodirov.

Shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat markaziga rahbari Otabek Hasanov ham Zaxarovaga ichki ishlarimizga “bosh suqmaslik”ni maslahat berdi. Uning aytishicha, vaziyatni murakkablashtirish, holatdan milliy nizolarni uyg‘otishga urunayotganlar  yana bir bor davrning g‘oyaviy tahlikalarga to‘laligini eslatmoqda. 

“Zero, avvalo, mustaqil, huquqiy-demokratik, dunyoviy davlatmiz. Yoshi, millati, dini, kasbidan va boshqa holatidan qat’iy nazar qonun hammani himoya qiladi, huquqlarni buzganni jazolaydi.

Mamlakatda katta-katta masalalar ham xalq bilan birlashib, fikrlashib hal qilib kelinmoqda. Mazkur vaziyat ham o‘z ishimiz,  o‘z uyimizda bo‘layotgan holat. Unga boshqalarning bosh suqishi, ichki ishlarimizni hal qilishga urunishiga aslo hojat ham yo‘q. 

Bizning 130 dan ortiq turli millat va elatlar bilan har doim, hozirgidek inoq, tinch, birlashib bir O‘zbekiston bo‘lib harakat qilish, maqsadlarga yetishda bu kabi “fikr beruvchi”, “yo‘l ko‘rsatuvchi”larga aslo ehtiyojimiz yo‘q”, dedi u.

Qolaversa, Hasanov ziyolilarni doimo birlashib, o‘z fikr, qarashlari bilan jamiyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashlarini so‘ragan.
O‘zbekistonda sodir bo‘lgan bu voqea Rossiyada bunchalik alangalanib ketishiga sabab, bu rus manbaalarida axborotning noxolis yoritilganidir.

Masalan, o‘zini tarixchi deya tanishtiradigan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi millatlararo munosabatlar bo‘yicha komissiyasi a’zosi,

“Tarixiy xotira” jamg‘armasi direktori, Rossiya Fanlar akademiyasining Rossiya tarixi instituti ilmiy xodimi Aleksandr Dyukov O‘zbekistonning do‘stona davlat ekaniga shubha bildirgan va unga qattiq viza rejimini joriy etish bilan javob qaytarish kerakligini aytgan.

“Do‘stona” O‘zbekistonning voqeligi quyidagicha va boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas – chunki bu mamlakat “titul”ga tegishli degan fikr ularning boshiga bir necha yillardan beri bolg‘acha. Bu g‘oya haqiqatga aylandi va uni tuzatish mumkin emas - faqat eng qattiq viza rejimi va moliyaviy investitsiyalarni to‘xtatish bilan tasdiqlanadi” deb yozgan u o‘z sahifasida.

Darhaqiqat Rossiya O‘zbekistondagi hech bir voqeani e’tibordan chetda qoldirmayapti. Ularning nazari hatto O‘zbekiston maktablarida o‘qitilayotgan tarix darsliklarigacha tushgan. Joriy yilning iyul oyida bir qancha o‘zbekistonlik tarixchilar maktab darsliklaridagi sobiq Sovet tarixi qismi xato yozilgani, uni qaytadan yozish va bolalarga to‘g‘ri tarixni o‘qitish kerakligi haqida gapira boshlashdi. O‘zbekiston olimlarining uzoq yillik o‘rganishlaridan so‘ng aniq bo‘lgan bu muammo fuqarolarga tarix to‘g‘ri saboqlar chiqarishga yordam berishga xizmat qilishi aytilgan.

Ammo bu voqea ham negadir rus tarixchilarini cho‘chitib yubordi. Ular oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonga yetib kelishdi va “tariximiz umumiy ekani” haqida ma’ruza o‘qib ketishdi. O‘ziga dahli bo‘lsa-bo‘lmasa hadeganda O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashaveradigan Rossiyada boshqa mamlakat fuqarolari yoki boshqa millat vakillari muntazam tahqirlanib keladi. Bunga misol tariqasida har kuni Rossidagi muhojirlarning ahvolini tobora og‘irlashtiruvchi qonunlarning kuchga kirishi, muntazam reyrdlar va ulardagi chet el fuqarolari, ayniqsa, o‘zbeklar va tojiklarga nisbatan bo‘layotgan ishlarni keltirish mumkin. 

“Rossiya rasmiylariga bundan 4 oy oldin Yekaterinburg shahrida cho‘ntaklarida O‘zbekiston, qo‘shni Tojikiston pasportlari bo‘lgan vatandoshlarimizni – 25 S sovuqda 500 metrga qo‘llarini orqa qilib, yemaklatib olib borganini eslatib qo‘ymoqchiman. O‘sha payti negadir ularning “adolatpeshalari” hech qanday munosabat bermagan edi”, deya o‘z fikrini davom ettirdi Shuhrat Rasul.

So‘nggi ikki oyda Rossiyada migrantlar uchun bir qancha ta’qiqlar joriy etilishi haqida gapirildi. Masalan, migrantlarga 30 foizgacha daromad solig‘i joriy qilish, bir qancha hududlarda migrantlarga taksi haydash, sotuvchi bo‘lib ishlash, oila qurish va ajrashish kabilar. 

“Bu vaziyat bo‘yicha O‘zbekistonning o‘zida mana shu  tahqirlangan 6-sinf o‘quvchisining ota-onasi shikoyat yozgani, Bolalar Ombudsmaniga ham murojaat qilgani va bu ish yuzasidan tegishli tergov jarayoni ketyotgani aslida O‘zbekistonnining o‘zida ham bu vaziyatga ko‘z yumilmaganidan dalolat beradi.  Mavjud vaziyat yuzasida ish qo‘zg‘atilib  ko‘rib chiqilyapti. Hech qaysi tashqi davlat vakillari aralashmasa ham bo‘ladi.  Yuzlab, minglab o‘zbek mehnat muhojirlarimiz tahqirlanayotgani haqida ko‘plab habarlar eshitayapmiz. Tashqi ishlar vazirligimiz bu holat yuzasidan tushuntirish berishinini so‘rab murojaat qilsa, ham bo‘lardiku. Masalan, yaqindagina O‘zbekistondan borgan mehnat muhojirlarimiz  aeraportda qolib ketganligi, Rossiya hududiga kiritilmaganligi, aeraport hududida necha kun yashayotganligi, undan tashqari Rossiya hududida yashayotgan fuqarolarimizning kamsitilayotgani haqida minglab habarlarni eshitamiz. Agar munosabat bildirishini so‘raganimizda Mariya Zaharova nima deb izoh bergan bo‘lardi?” degan savolni o‘rtaga tashlamoqda xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis, siyosatshunos Farhod Tolipov.

Odatda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bunday vaziyatda vazminlik bilan munosabatda bo‘ladi va keskin harakatlar sodir etmaydi. Ko‘plab o‘zbek o‘g‘lonlari turli bahonalar bilan Rossiyada qamalib ketayotgan bo‘lsa ham, u yerdan urush maydonlariga jo‘natilsa ham, hatto o‘sha urushdan fuqarolarining o‘ligi kelsa ham biron marta Zaxarovadek qattiq "dakki berishga" intilmadi. 

“Bunday holatni qo‘rqoqlikka yoki javob qaytarishdan qochishga yoyish kerak emas. Biz ham 37-40 millionga yaqinlashayotgan davlatmiz. O‘rni kelganda o‘zimizning mustaqilligimizni, o‘z muammolarimizni o‘zimiz saqlab, o‘zimiz hal qilib ololamiz. Bunday holatlarni siyosiylashtirish, yoki ichkarida o‘zlari amaolga oshirmoqchi bo‘lgan ishlarini shgu bahona bilan amalga oshirib olish kerak emas. Ya’ni migrantlarga bo‘ladigan qo‘shimcha talablar qo‘yishlari kerk emas”, dedi Farhod Karimov.

“Albatta, bunday holatlardan, bir davlatning , bizning misolimizda Rossiya Federatsiyasi Tashqi Ishlar vazirligining  matbuot kotibi boshqa davlat, yani O‘zbekiston suveren - mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashayotgan  ekan, O‘zbekistonda bo‘layotgan kichkinagina hodisaga  Katta bir davlat o‘z munosabatini bildirayotgan ekan , bo‘rttirib siyosiylashtirgan holda butun dunyoga ovoza qilganday O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi ham bunga javob qaytarishi mumkin deb o‘ylayman va avvalo shu javobida Zaharovaga qarata O‘zbekistonning ichki ishlariga ham aralashmasligi to‘g‘risida ham ogohlantiruvchi gaplarni aytsa maqsadga muvofiq bo‘ladi va mana shu javobda oldingi holatlarda ham Mariya Zaharova shunday qaltis gaplarni gapirganligini eslatib bunday aralashuvlarni takrorlamasligi haqida hatto talablarni qo‘ysa ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.O‘shanda O‘zbekiston o‘zining mustaqilligini yana bir bor ko‘rsatgan, qat’iyatini namoyish etgan bo‘ladi”, dedi Farhod Tolipov. 

Sotsiolog Shuhrat Rasul ham O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Zaxarovaga munosib javob qaytarishi kerak deb hisoblaydi.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston do‘stona davlat statusiga hech qachon hiyonat qilmagan. Doim o‘zga davlat fuqarolari va o‘zga millat vakillariga hurmatda bo‘lgan. Buni Rossiyada mobilizatsiya kuzatilgan payti minglab rossiyaliklar O‘zbekistonga kelishga majbur bo‘lganida ularga nisbatan hech qanday ta’qiqning joriy etilmagani, ularga quchoq ochilgani isbotlaydi, deyadi siyosatshunoslar.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya maktab O'zbekiston Alisher Qodirov Mariya Zaxarova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing