Rossiya O‘zbekistonda yetishtirilgan quritilgan o‘rik eksportiga ham taqiq qo‘yadimi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 3 dekabr kuni Rosselxoznadzor rasmiy veb saytida O‘zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga eksportga jo‘natilgan quritilgan o‘rik mahsulotida “Kapr qo‘ng‘izi” aniqlangani haqida maqola chop etildi. Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidan yuklangan 1 tonna quritilgan o‘rik mahsulotida karantin ob’ekti hisoblangan 2 ta “kapr qo‘ng‘izi” lichinkasi topilgan.

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mazkur holat yuzasidan bayonot berib, inspeksiya rahbariyati Rosselxoznadzor karantin xizmati rahbariyati bilan muzokara o‘tkazganini ma’lum qildi.

Rossiya tomonidan yuborilgan fotosuratlar Markaziy karantin laboratoriyasi xodimlari ishtirokida tekshirilib, qo‘rsatilgan mazkur karantin ob’ekti aynan “Kapr qo‘ng‘izi” emas, balki O‘rta Osiyo va Rossiya Federatsiyasida tarqalgan “Trogoderma” oilasiga mansub boshqa qo‘ng‘iz ekanligi taxmin qilinmoqda.

Muzokaralar davomida Rossiya Federatsiyasi tomonidan quritilgan o‘rik mahsuloti uchun taqiq qo‘yilmaslikka kelishilib, faqatgina mahsulot yuklangan eksportyor korxonaga nisbatan fitosanitar choralar ko‘rilishi haqida ahdlashuvga erishilgan.

Tezkor olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu tadbirkor Rossiya Federatsiyasidan quritilgan o‘rik mahsulotining eski hosilini yuklash bo‘yicha buyurtma olgan. Eksport sig‘imini to‘ldirish maqsadida hududdagi dehqon bozorlaridan eski hosillarning qoldiqlarini turli joylardan to‘plab, maxsulot yig‘gan.

“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi mazkur holatdan so‘ng shuni ma’lum qildiki, O‘zbekistondan xorijga yuklanadigan barcha turdagi quritilgan mahsulotlar to‘liq fumigatsiya qilinishi, mahsulot fitosanitar tozaligini qat’iy nazoratdan o‘tkazib, fitosanitar sertifikati rasmiylashtirilib berilgandagina eksportga chiqariladi.

Avvalroq, "Rosselxoznadzor" Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan pomidor va qalampirni Rossiya hududiga kiritishga taqiq qo‘ygandi. Bunga shu hududdan eksport qilingan pomidor va qalampirda “Tomato brown rugose fruit virus” virusi topilgani sabab bo‘lgandi. O‘zbekiston tomoni bu taqiq bekor qilinishiga erishish uchun harakatni boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

quritilgan o'rik

Baholaganlar

296

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar