Rossiya O‘zbekiston va Ozarbayjondagi rus tili nufuzini o‘rganadi

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining buyurtmasiga ko‘ra Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VSIOM)  rus tilining Ozarbayjon va O‘zbekistondagi mavqeini o‘rganadi. Bu haqda “Vedomosti” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, VSIOM Ozarbayjon, O‘zbekiston, Venesuela, Hindiston, Xitoy va BAAda rus tilining targ‘ib qilinishi bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazadi. Tadqiqot uslubi borasida hozirgacha aniq fikr yo‘q. Lekin u barcha mamlakatlar uchun bir xil bo‘lishi aytilgan. Katta ehtimol bilan ham onlayn, ham yozma-yoz so‘rovnomalar o‘tkazilishi kutilmoqda. 

Shuningdek, VSIOM chet elda rus tilidan foydalanish ko‘rsatkichlarini ekspertizadan o‘tkazadi hamda ushbu mamlakatlarda uning jozibadorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Mazkur tadqiqot Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasida so‘nggi haftalarda munosabatlar keskinlashganidan keyin o‘tkazilmoqda. Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Ozarbayjonda rus tilida ta’lim taqiqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq 2 iyul kuni mamlakat Ta’lim vazirligi bu ma’lumotni rad etdi. Jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Butunrossiya markazi rahbari Valeriy Fyodorov ham Ozarbayjon bilan munosabatlardagi keskinlikning tadqiqotga aloqasi yo‘qligi ma’lum qildi.

“Eskalatsiyalar keladi-ketadi... Tender yakunlandi, hozir shartnoma tuzilyapti”, deydi Fyodrov.

Qayd etish joiz, “Rossotrudnichestvo” ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda rus tilidagi maktablar soni bo‘yicha Qozog‘iston yetakchi (3606 ta), undan keyin O‘zbekiston (1000 dan ortiq), Qirg‘iziston (751), Tojikiston (200) va Turkmaniston (71) davlatlari o‘rin egallagan.

Eslatib o‘tamiz, 2 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgandi. Uchrashuv davomida Vladimir Putin qirg‘iz tomoniga rus tiliga alohida maqom berilgani uchun minnatdorlik bildirib, bu ham gumanitar, ham iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlagandi. Keyinchalik Japarov “Kabar” agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston va Tojikistonga borganda rus tilisiz muloqot qilib bo‘lmasligini aytdi.

Dilshod Hakimov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing