O‘zbekistonga borganda rus tilisiz muloqot qilib bo‘lmaydi – Sadir Japarov
Olam
−
05 iyul 37941 1 daqiqa
Rus tili Qirg‘iziston uchun zarur va bu tilning rasmiy maqomini o‘zgartirish takliflari noto‘g‘ri. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Kabar” agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Rus tili bizga emas, biz rus tiliga muhtojmiz”, degan davlat rahbari.
U, shuningdek, Qirg‘iziston konstitutsiyasida rus tili rasmiy til deb belgilanganini eslatgan. Prezidentning fikricha, rus tili dunyodagi eng muhim olti tilning biri hisoblanadi.
“MDH davlatlarini aytmay turaylik, qo‘shni O‘zbekiston va Tojikistonga borsangiz, rus tilisiz muloqot qilib bo‘lmaydi. Yevropa, Amerika, Xitoyda ham rus tili tarjimonlaridan foydalanishadi”, degan Japarov.
U, shuningdek, ba’zi siyosatchilarning rus tilining maqomini o‘zgartirish haqidagi takliflarini noto‘g‘ri deb atagan.
“Albatta, eng avvalo o‘z ona tilimizni rivojlantirishimiz kerak. Biroq rus va ingliz tillarini ham bilishimiz lozim”, deya qo‘shimcha qilgan Qirg‘iziston Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 2 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgandi. Uchrashuv davomida Vladimir Putin qirg‘iz tomoniga rus tiliga alohida maqom berilgani uchun minnatdorlik bildirib, bu ham gumanitar, ham iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlagandi.