Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston gaz ittifoqi kengayishi mumkin

Jamiyat

image

Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘istonning uch tomonlama gaz ittifoqi boshqa davlatlarni ham qamrab olishi mumkin. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Birichevskiy RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"Biz gaz sohasida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini istisno qilmaymiz. Bunga boshqa davlatlar ham qiziqish bildirayotganini bilamiz. Biz barcha ishtirokchilarning pozitsiyalarini hisobga olgan holda o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikka ochiqmiz”, degan Birichevskiy.

Biroq Birichevskiy aynan qaysi davlatlar gaz ittifoqiga qiziqish bildirayotganiga aniqlik kiritmagan.

Aytish joizki, o‘tgan yilning noyabr oyida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga ushbu sohadagi uch davlatning tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish uchun “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzishni taklif qilgan edi. 2023 yil yanvarida O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirliklari “Gazprom” bilan hamkorlik rejasini imzolagan. 

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonga Rossiyadan gaz yetkazib berish “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali amalga oshirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Iyul oyi o‘rtalarida Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi va QazaqGaz o‘rtasida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya tabiiy gazini O‘zbekiston iste’molchilari uchun tashish bo‘yicha kelishuv imzolangan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘istonning QazaqGaz shirkati joriy yilning oktyabr oyidan O‘zbekistonga Rossiya gazini tashishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanini ma’lum  qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston O'zbekiston gaz ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing