Rossiya o‘zbek-afg‘on chegarasiga jangovar samolyotlarini yuboradi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning Qirg‘izistondagi “Kant” qo‘shma harbiy bazasi Su-25SM hujum samolyoti ekipajlari Afg‘oniston bilan chegara yaqinida Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma mashg‘ulotlariga jalb qilinadi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugi xabar berdi.

Mashg‘ulotlar 30 iyuldan 10 avgustgacha O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan “Termiz” poligonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Rossiya Markaziy harbiy okrugining xabar berishicha, mashqlarda Su-25SM hujum samolyotlari guruhi ishtirok etadi. 

“Mashqlar davomida rossiyalik uchuvchilar Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun jangovar tayyorgarlik vazifalarini bajaruvchi qo‘shinlar guruhiga havodan yordam berishadi”, deb aniqlik kiritgan harbiy okrug.

Shuningdek, Su-25SM ekipajlari shartli raqibning yashirin bazalarini aniqlash, yo‘q qilish va ko‘chma havo hujumidan himoya tizimlaridan qochish mashqlarini bajaradi.

Mashg‘ulotlarda Rossiya kontingenti Markaziy harbiy okrugning tinchlikparvarlik bo‘linmasi va maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilaridan iborat bo‘ladi.

Avvalroq joriy yilning avgust va sentyabr oylarida Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishi haqida xabar bergandik. Qayd etish kerakki, ushbu harbiy mashg‘ulotlarning bir qismi Surxondaryo viloyati Termiz shahri poligonlarida bo‘lib o‘tadi.

Tojik-afg‘on chegarasida o‘tkaziladigan harbiy mashg‘ulotlarga O‘zbekiston ham jangovar samolyot, zirhli texnika va maxsus kuchlarini yuboradi. Qayd etish joiz, Rossiya tanklarini tojik-afg‘on chegarasiga yuborib ulgurdi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

239

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing