Rossiya o‘rmonlari yong‘in ichida qoldi

Olam

image

Rossiyaning Sverdlovsk, Qo‘rg‘on va Tyumen viloyatlarida o‘rmon yong‘inlari avj olib, mahalliy aholiga tahdid solmoqda. Bu haqda “The Insider” nashri xabar berdi.

Joriy yilning 6 may kuni Sverdlovsk viloyati Pervomaysk shahrida o‘rmon yong‘inlari tufayli ikkita kukun ombori portlagan. O‘shandan beri vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan, aholini shahardan evakuatsiya qilish boshlangan.

Asbest shahrida esa 7,2 ming gektar maydonda yong‘inlar qayd etilgan. Elektr stansiyasi va Vodokanal ob’ektlarida sodir bo‘lgan avariyalar tufayli aholi punktida suv ta’minoti va elektr energiyasi yo‘qolgan.

Yong‘inlardan chiqqan tutun boshqa aholi punktlariga, jumladan, Yekaterinburgga ham tarqalmoqda.

Fuqarolarga derazalarni ochmaslik, ko‘chada nafas olish apparatidan foydalanish tavsiya etilgan. Sverdlovsk viloyati gubernatori Yevgeniy Kuyvashev vaziyatni o‘ta og‘ir deb tan olgan va yordam so‘rab federal markazga murojaat qilgan. Hozir viloyatdagi o‘rmon yong‘inlari, jumladan, boshqa viloyatlardan kelgan ko‘ngillilar tomonidan o‘chirilmoqda.

Qo‘rg‘on viloyatida ham vaziyat xuddi shunday. Qo‘rg‘on shahri tutun ichida qolib, ko‘rish qiyinlashgan. Tyumenga olib boruvchi avtomagistral to‘sib qo‘yilgan, Irtish shossesining bir qancha uchastkalarida ham harakat to‘xtatilgan. Bir qancha qishloqlar evakuatsiya qilinmoqda, Uldus qishlog‘ida allaqachon 20 ga yaqin uy va maktab yonib ketgan. Ma’lum qilinishicha, yong‘inlarni o‘chirishga 700 kishi va 200 birlik o‘t o‘chirish texnikasi jalb etilgan.

Tyumen viloyatidagi yettita aholi punktida odamlar evakuatsiya qilinmoqda. Rechkino qishlog‘i va Bogandinskiy qishlog‘ida uylar va tegirmon yonib ketgan. Mintaqada favqulodda holat joriy etilgan. Viloyat gubernatori Aleksandr Murning so‘zlariga ko‘ra, kundan-kunga yangi yong‘inlar ko‘payib bormoqda, ayni paytda quruq va shamolli ob-havo vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya uchun o‘rmon yong‘inlari yangilik emas. Mamlakatda  har yoz o‘rmonlar yonadi. Mamlakatda aholi yashamaydigan hududlardagi o‘rmon yong‘inlari uchun "nazorat zonasi" tushunchasi mavjud bo‘lib, undan tashqarida ularni o‘chirishga harakat qilinmaydi. So‘nggi yillarda davlat ularni qisqartirish kerakligini aytib, buning uchun pul ajratmoqda. Federal o‘rmon xo‘jaligi agentligi fevral oyida yangi standartlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi haqida xabar berib, "nazorat zonalari" allaqachon "iloji boricha qisqartirilgan"ligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya o'rmon yong'inlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing