Rossiya Ukrainaning uchta viloyatiga hujum qilishga tayyorlanmoqda – Zelenskiy
Olam
−
28 mart
12362Rossiya Sumi, Xarkov va Zaporoje viloyatlarida yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda kecha, 27 mart kuni Parijda bo‘lib o‘tgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” sammiti chog‘ida Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, Prezident Vladimir Zelenskiy so‘z ochdi.
Zelenskiy Rossiya urushni davom ettirishni xohlashini ta’kidladi va Yevropa yetakchilarini sanksiyalar bosimini pasaytirmaslikka chaqirdi.
Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Moskva vaqt o‘tkazib, so‘ng Ukrainaning yangi hududlarini qo‘lga kiritish uchun AQSHni “cheksiz muhokamalar”ga tortmoqchi.
“Rossiyaga qarshi sanksiyalarni hozir bekor qilish diplomatiya uchun falokat bo‘lardi. Sanksiyalar dunyo Rossiyani jiddiy muzokaralarga undashi kerak bo‘lgan sanoqli vositalardan biri”, dedi Zelenskiy.
Qayd etish joiz, avvalroq Rossiya AQSH bilan Ukrainada qisman o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlar fonida G‘arbning ayrim sanksiyalarini bekor qilishni talab qilgan edi.
“Putin hududlar bo‘yicha muzokaralarni kuch-qudrat pozitsiyasidan olib chiqmoqchi. U faqat urush haqida o‘ylaydi”, deya ta’kidladi Ukraina Prezidenti.
U sammit ishtirokchilarini o‘z mamlakatiga harbiy yordamni davom ettirishga, shuningdek, Ukraina mudofaa sanoatiga sarmoyalarni va bu sohadagi qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirishga chaqirdi.
“Ukrainada mudofaa sanoatimiz uchun qariyb 20 milliard yevro yetarlicha mablag‘ ajratilmagan. Biz bu kamomadni Rossiya aktivlari hisobidan qoplash mumkinligiga ishonamiz. Va buni qilish kerak”, dedi Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, ittifoqchilarni mamlakatda tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish bo‘yicha yagona rejani ishlab chiqishga chaqirdi va bir qator savollarni ko‘tardi:
“Ukrainada quruqlikda, osmonda va dengizda qaysi davlatlar jalb qilinadi? Bu kuchlar aynan qayerda joylashadi? Bu kuchlarning hajmi va tuzilishi qanday bo‘ladi? Va bizning koalitsiyamiz Ukrainaga kuchlarini qachon joylashtiradi – sulh qachon boshlanadi yoki urush to‘liq tugaydi va kelishuvga erishiladi?”
Ma’lumot uchun, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron taklifi bilan Parijdagi Yelisey saroyida bo‘lib o‘tgan sammitda 31 davlat rahbarlari, shuningdek, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ishtirok etdi. Uch soatdan ortiq davom etgan maslahatlashuvlar davomida Kiyev va Moskva o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatgan taqdirda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari muhokama qilindi.
Bu AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati va Rossiya o‘rtasidagi yaqinlashuv fonida Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu formatdagi uchinchi uchrashuvdir.