Rossiya Ukrainani “titratgan” qo‘shinini chegaradan olib ketmoqda
Olam
−
15 fevral 2022
32794Bugun, 15 fevral kuni Rossiya Qurolli kuchlari o‘zining Belarus hududida bo‘lib o‘tgan harbiy mashg‘ulotlarning bir qismini yakunladi. Janubiy va G‘arbiy harbiy okrug bo‘linmalari mashg‘ulot o‘tkazilgan chegara zonasidan ortga qaytmoqda. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“Janubiy va G‘arbiy harbiy okrug bo‘linmalari o‘z vazifalarini bajarib, temir yo‘l va avtomobil transporti orqali orqaga qaytishni boshladi. Ular bugundan o‘z harbiy garnizonlariga o‘tadi. Jangovar tayyorgarlik tadbirlari yakuniga ko‘ra, qo‘shinlar avvalgidek, doimiy joylashtirish punktlarida mashg‘ulotlarni davom ettiradi”, degan Konashenkov.
Ukraina hukumatining ta’kidlashicha, G‘arb bilan birgalikda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida Rossiya bosqinining oldi olingan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Kreml Belarusga “Ittifoqchilar kelishuvi” doirasida o‘z harbiylari va og‘ir artilleriyalarni yubora boshlagan. Hozirga qadar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun Belarus hududiga Rossiyaning 30 000 dan ortiq askarlari kiritilgani aytilmoqda.
Shuningdek, S-400 yer-havo raketa tizimlarining ikkita bataloni va 12 ta “Suxoy Su-35” qiruvchi samolyotlari mamlakat hududiga joylashtirilgan.
NATO ushbu harakatlarni “Sovuq urush” davridan buyon Belarus hududiga kiritilgan eng katta qo‘shin deya baholamoqda. Bildirilishicha, hozirda Rossiya ixtiyoriga o‘tgan Qrim, Belarus va Ukraina bilan chegaradosh boshqa hududlarda 100 000 lab rus qo‘shinlari joylashtirilgan.
Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar sabab Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi sabab Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.
LiveBarchasi