Rossiya Ukrainaga yana dron va raketa bilan hujum uyushtirdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Rossiya kuchlari bugun, 21 avgustga o‘tar kechasi Ukrainaning g‘arbiy hududlariga keng ko‘lamli raketa va dron hujumi uyushtirdi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda jami 614 ta dron va raketa ishlatilgan. Dronlar orqali Zakarpate viloyatidagi Mukachevo shahri, shuningdek Lvov va Lutsk shaharlariga zarba berilgan. Lvovda raketa zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, Mukachevoda esa 15 nafar aholi jarohat olgan. Rossiyaning dron hujumi oqibatida Mukachevo shahridagi bir korxona vayron bo‘lgan, yong‘in yuzaga kelgan. 

Hududiy harbiy ma’muriyat rahbari Miroslav Biletskiyning ma’lumotiga ko‘ra, raketalar shahardagi bir korxonaga urilgan, oqibatda omborxonalar vayron bo‘lgan va yong‘in chiqqan. Ukrainaning Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, raketa zarbasi katta miqdorda elektronika ishlab chiqaruvchi Amerika kompaniyasiga tegib, jiddiy shikast yetkazgan va odamlar halok bo‘lgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, zarba “Flex-Ukraina” zavodiga yetkazilgan, bu zavod Flextronics kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u dunyo bo‘yicha elektronika va dizayn bo‘yicha yetakchi korxonalardan biridir. 

Lvov shahrida raketa zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi yaralangan. Viloyat ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy ma’lumotiga ko‘ra, raketa zarbasi va dron hujumi oqibatida o‘nlab uylarning tomi va derazalari shikastlangan, yong‘inlar yuzaga kelgan. 

Ertalab shahar markazida portlashlar sodir bo‘lgan, bir dron mahalliy vaqt bilan soat 04:30 atrofida portlagan. Lutsk shahrida esa kamida to‘rt dron hujumi qayd etilgan. Hozircha Kiyev rasmiylari shaharga zarar yetgani haqida xabar bermagan, faqat havo hujumiga qarshi tizimlarning ishlayotgani bildirilgan.

Bundan tashqari, Rossiya Rovno viloyatiga kamida to‘rtta aeroballistik Kinzhal raketasi bilan zarba bergan. Soat 4:00 dan keyin dengizdan Kalibr raketalari, Tu-95MC samolyotlaridan esa X-101 raketalari uchirilgan. 

Ukraina Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Mukachevo shahridagi hujumda 15 kishi jarohat olgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rossiya kuchlari Ukrainaga 100 dan ortiq havo hujumi qurollari, jumladan, 104 ta Shahed tipidagi hujumchi uchuvchisiz samolyotlar, har xil turdagi dron imitatorlari, shuningdek, 8 ta tezyurar (reaktiv) dron bilan hujum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina raketa L'vov Flex-Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing