Rossiya Ukrainaga “Oreshnik” bilan zarba berdi (video)
Olam
−
09 yanvar 22617 2 daqiqa
Bugun, 9 yanvar kuni Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Lvov shahriga “Oreshnik” raketasi yordamida kuchli zarba berdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Keltirilishicha, bu harakat 2025 yil 29 dekabrdagi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi qarorgohiga uyushtirilgan hujumga javoban amalga oshirilgan.
Zarba Ukrainaning Lvov shahriga yo‘naltirilgan. Lvov meri Andrey Sadoviy bu shaharga qilingan birinchi shunday hujum ekanligini aytgan. Shuningdek, u raketa “soatiga taxminan 13 000 kilometr tezlikda ballistik trayektoriya bo‘ylab harakatlanganini va bu juda yuqori tezlik ekanini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Ukraina Harbiy-havo kuchlari kecha, 8 yanvar kuni taxminan soat 23:30 da (Moskva vaqti bilan 9 yanvar kuni soat 00:30) Moskvaning Astraxan viloyatidagi Kapustin Yar sinov maydonchasidan ballistik raketalarni ishlatish xavfi tufayli butun Ukraina bo‘ylab raketa ogohlantirishi e’lon qilinganini ma’lum qilgan.
Lvov viloyat harbiy ma’muriyati boshlig‘i Maksim Kozitskiy zarba muhim ob’ektga qaratilganini yozgan. Xususan, viloyatidagi “Striy” gaz koni va gaz ombori nishonga olingan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Kiyev xalqaro harakatlar – BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishi, Ukraina-NATO Kengashi yig‘ilishi va Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida o‘zaro choralar ko‘rishga chorlagan.
“Yevropa Ittifoqi va NATO chegarasi yaqinida bunday zarba Yevropa qit’asi xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi va transatlantik hamjamiyat uchun sinovdir. Biz Rossiyaning ehtiyotsiz harakatlariga javoban qat’iy choralar ko‘rilishini talab qilamiz”, deydi Sibiga.
Bungacha Rossiya 2024 yil 20 noyabrdan 21 noyabrga o‘tar kechasi Dnepr daryosiga zarba berish uchun “Oreshnik” raketasidan foydalangan edi. O‘sha paytda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin zarba “yadroviy bo‘lmagan gipertovushli ballistik raketa” tomonidan amalga oshirilganini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaga yuborilgan har qanday xorijiy qo‘shinni nishonga olishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi