Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Yevropa “nozik joyini” qanday yopishi aniq bo‘ldi
Olam
−
15 yanvar 2022
14228AQSH Davlat departamenti rasmiylari xalqaro energetika kompaniyalari bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro natijasida gaz ta’minoti uzilib qolgan taqdirda Yevropaga gaz yetkazib berish bo‘yicha ehtimoliy rejalar haqida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda AQSH hukumati vakillariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar bermoqda.
“Biz energetika kompaniyalari bilan bizni xavotirga solayotgan favqulodda vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida uchrashuv o‘tkazdik”, deya bildirgan departament vakili.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvlarni AQSH Davlat departamentining energiya xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Amos Xokstin olib borgan. U G‘arb kompaniyalaridan ikki davlat o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda energetika iste’molini va importini kamaytirishni so‘ragan.
Departament vakillari Kiyev va Moskva o‘rtasidagi ehtimoliy urush oqibatida Rossiya gaz ta’minotini to‘xtatsa, Yevropa gazni Qatardan import qilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi paytlarda G‘arb matbuotida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni asossiz va davlatlar o‘rtasidagi keskinlikning kuchayishiga sabab deya atagan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solib, hatar tug‘dirmaydi.
Shu bilan birga, Peskov bu kabi xabarlar Rossiyaga qarshi provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmagan.
Behruz Saidov