Rossiya Ukrainaga hujumda Shimoliy Koreya raketalarini qo‘llagani tasdiqlandi

Olam

image

Rossiya qo‘shinlari 2 yanvar kuni Xarkovni o‘qqa tutishda Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalardan foydalangan. Bu haqda Ukraina Bosh prokurori Andrey Kostin “Suspilne” efirida ma’lum qildi. 

“Dastlabki ilmiy-texnik ekspertiza natijalari 2 yanvar kuni Xarkovning markaziy qismiga uchirilgan raketa Shimoliy Koreya tomonidan ishlab chiqilgan qisqa masofali raketa ekanini tasdiqlaydi”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir keng qamrovli ekspertiza o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, prokurorlar hozirda Xarkov va Odessa viloyatlariga yaqinda uyushtirilgan hujumlarda qo‘llanilgan boshqa o‘q-dorilarning parchalarini qidirmoqda.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi yanvar oyi boshida Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga hujum qilish uchun Shimoliy Koreyadan olingan ballistik raketalardan foydalana boshlaganini e’lon qilgandi.

Ta’kidlanishicha, Shimoliy Koreya yaqinda Rossiyaga ballistik raketalarni uchirish moslamalari va bir necha o‘nlab raketalarni yetkazib bergan, rus qo‘shinlari esa 2023 yil 30 dekabr va 2024 yil 2 yanvarda Ukrainaga hujum qilishda ulardan foydalangan.

Eslatib o‘tamiz, Rojdestvo bayramidan so‘ng Rossiya Kiyev, Xarkov va Ukrainaning boshqa shaharlariga barcha turdagi raketalar va hujumchi dronlardan foydalangan holda hujumlarning eng yirik to‘lqinlarini amalga oshirdi. 40 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 29 dekabrdan beri Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 300 ga yaqin raketa otgan hamda 200 dan ortiq uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qilgan.

Shuningdek, 50 ga yaqin davlatdan iborat guruh Shimoliy Koreyaning Rossiyaga raketalarini yetkazib berish va ulardan Ukrainaga qarshi foydalanishini qoralab chiqqandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing