Rossiya Ukrainaga yana ballistik raketa zarbasini berdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Rossiyaning kecha, 24 iyul kuni Ukrainaning Kiyev viloyatiga bergan ballistik raketa zarbasi oqibatida mudofaa sanoatiga bag‘ishlangan tadbirda 10 kishi halok bo‘ldi, qariyb 100 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ukraina rasmiylari ma’lum qildi.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati qutqaruv ishlari hodisa joyida yakunlanganini bildirgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu hujumga izoh berib, hodisani Rossiyaning terrori deb atagan.

“Biroq biz ming marta aytdikki, urush sharoitida, bunday dushmanga qarshi kurashayotgan paytda, odamlar ko‘p to‘planadigan har qanday qurol-yarog‘ ko‘rgazmalarini, ayniqsa turar joylar yaqinida o‘tkazish mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, degan u.

Dron ishlab chiqaruvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbir poytaxt chekkasidan uncha uzoq bo‘lmagan hududda o‘tkazilayotgan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakili tadbir harbiy idora tasarrufidagi ob’ektda o‘tmaganini, biroq bunday tadbirlarni tashkil etishda “eng yuqori xavfsizlik choralari” ko‘rilishi kerakligini aytgan.

Kiyev viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Ruslan Oliynik bugun, 25 iyul kuni viloyatda motam kuni deb e’lon qilinishini ma’lum qilgan. Ukraina Mudofaa sanoati kengashi raketa zarbasi Ukraina mudofaa sanoati vakillari ishtirok etayotgan ob’ektga berilganini tasdiqlagan. Kengash o‘zini tadbir tashkilotchisi emasligini bildirgan.

Ukrainaning First Contact dron kompaniyasi asoschisi Valeriy Borovik mahalliy OAVga raketa mudofaa sanoati ko‘rgazmasi o‘tkazilayotgan mashg‘ulot poligoniga tushganini aytgan. Ukraina Bosh prokurori Ruslan Kravchenko tadbirni tashkil etish va o‘tkazishda mansab vazifalarini lozim darajada bajarmaslik ehtimoli yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, sharqiy Ukrainadagi Slavyansk shahrida Rossiya aviatsiya bombasi hujumi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 9 kishi yaralangan. Bu haqda viloyat gubernatori Vadim Filashkin xabar qildi. Uning aytishicha, kechqurun shaharga berilgan yana bir Rossiya zarbasi natijasida 16 kishi jarohatlangan va turar joy binolariga zarar yetgan.

Bundan tashqari, Ukrainaning shimolidagi Rossiya bilan chegaradosh Sumi viloyatida Rossiya droni hujumi ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Bu haqda viloyat gubernatori Oleg Grigorov Telegram orqali ma’lum qildi. Shuningdek, janubi-sharqdagi Zaporoje shahriga berilgan Rossiya zarbasi savdo markazida yong‘in keltirib chiqargan va bir necha kishi jarohat olgan.

Rossiya ham, Ukraina ham 2022 yil fevralda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini bilan boshlangan urush davomida tinch aholini ataylab nishonga olganini rad etib keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatidagi yana ikkita Wildberries logistika markaziga hujum uyushtirilgan, shuningdek, Kirov shahrida Rossiya armiyasi uchun zenit raketalari ishlab chiqaradigan “Avitek” zavodi ham zarbaga uchragan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing