Rossiya Ukrainada vaqtinchalik sulhga qarshi – Kreml (video)
Olam
−
13 mart 7436 2 daqiqa
Moskva Ukrainada vaqtinchalik sulhga qarshi va uzoq muddatli nizoni hal etishdan manfaatdor. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov “Rossiya-1” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizning maqsadimiz – uzoq muddatli tinchlik yo‘li bilan kelishuvga erishish, biz bunga intilamiz. Bu kelishuv Rossiyaning qonuniy manfaatlarini va xavotirlarini hisobga olishi kerak. Faqat sulhni taqlid qiluvchi chora-tadbirlarning hech kimga foydasi yo‘q”, dedi Ushakov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan suhbatda Rossiyaning bu boradagi pozitsiyasini tushuntirgan.
“Men, tabiiyki, vaqtinchalik sulh bo‘yicha kelishuvlarni sharhladim va bu biz uchun faqat ukrain harbiylariga nafas rostlash uchun berilgan imkoniyatdan boshqa narsa emasligini aytdim”, dedi Ushakov.
Putinning yordamchisi, shuningdek, Moskva Vashingtonning Rossiyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini tushunishiga umid qilishini va sulhni muhokama qilish jarayonida bu hisobga olinishi kerakligini ta’kidlagan. U shu tariqa ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan Rossiyaning Vashingtonga sulh shartlari bo‘yicha o‘z talablarini yetkazgani haqidagi xabarlarga izoh bergan.
Ushakovning chiqishidan bir necha soat oldin “Reuters” vaziyat bilan tanish manbalarga tayanib, Rossiya AQSHga o‘z talablari ro‘yxatini taqdim etganini xabar qilgan. Ushbu talablar avvalroq Moskva tomonidan Ukraina, AQSH va NATOga bildirilgan pozitsiyaga o‘xshash bo‘lib, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi;
- Ukrainada xorijiy qo‘shinlar joylashtirilmasligi;
- Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarining Rossiya tarkibida tan olinishi.
Shuningdek, bugun, 13 mart kuni Ushakov AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff Moskvaga kelgani haqidagi xabarlarni izohlashdan bosh tortgan.
“Biz bunday aloqalar yopiq shaklda olib borilishi bo‘yicha kelishib oldik”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida AQSH va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasida Kiyev AQSHning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lgani bildirildi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘z bayonotida “endi to‘p Rossiya tomonida” ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya ijobiy javob bersa, sulh kuchga kiradi va undan keyin tinchlik muzokaralari boshlanishi lozim.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr