Rossiya, Ukraina va AQSH o‘rtasida yangi bosqichdagi muzokaralar boshlandi
Olam
−
04 fevral 2777 1 daqiqa
Bugun, 4 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Rossiya, Ukraina va Amerika Qo‘shma Shtatlari ishtirokida uch tomonlama tinchlik muzokaralarining yangi bosqichi boshlandi. Bu haqda Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustam Umarov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, muzokaralar dastlab uch tomonlama formatda o‘tkaziladi. Keyinchalik tomonlar alohida ishchi guruhlarga bo‘linib, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi. So‘ngra pozitsiyalarni yana muvofiqlashtirish rejalashtirilgan.
TASS xabariga ko‘ra, muzokaralar yopiq formatda o‘tkazilmoqda va matbuot uchun hech qanday tadbir rejalashtirilmagan. Uchrashuvda Rossiya delegatsiyasiga Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchilik qilmoqda. AQSH tomonidan Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner ishtirok etmoqda. Ukraina delegatsiyasi tarkibida esa Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov hamda Prezident apparati vakillari bor.
Ma’lumot uchun, uch tomonlama muzokaralarning birinchi bosqichi 23-24 yanvar kunlari Abu-Dabida yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan edi. AQSH rasmiylariga ko‘ra, tinchlik rejasi doirasidagi hududiy masala muzokaralarning markazi hisoblanadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu masala faqat Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuvda hal etilishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Yevropa bilan birgalikda Rossiyaga qarshi maxfiy reja tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi