Rossiya-Ukraina urushining 62-kunida nimalar bo‘ldi?

Olam

image

Kecha, 26 aprel kuni Rossiya Ukrainaga harbiy yurish boshlaganiga 62 kun to‘ldi. Qirg‘itbarot urush bilan o‘tgan yana bir kunda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Moskvaga tashrif buyurdi, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Shu va urushning 62-kunida sodir bo‘lgan boshqa muxim voqea va hodisalar tafsilotiga quyida to‘xtalib o‘tamiz.

Harbiy harakatlar

Britaniya Mudofaa vazirligi urush bo‘yicha bayonot berib, Rossiya kuchlari Ukraina sharqida ukrain armiyasi yaxshi mustahkamlangan pozitsiyalarni qurshab olishga urinayotganini aytdi.

Ukrainaning Xarkov viloyati gubernatori Oleg Sinegubov Rossiya Xarkov viloyatini o‘qqa tutishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani va to‘qqiz kishi yaralanganini aytdi.

Shuningdek, Rossiyaning Belgorod viloyatidagi ikki qishloq Ukraina tomonidan o‘qqa tutilgani iddao qilindi. Viloyat gubernatori kamida ikki kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya kuchlari Ukrainaning Mariupoldagi asosiy qo‘rg‘oni bo‘lgan, 1000 dan ortiq tinch aholi boshpana topgan “Azovstal” po‘lat zavodidagi Ukraina pozitsiyalariga havodan hujum uyushtirdi.

Ukraina inson huquqlari bo‘yicha ombudsmani Lyudmila Denisova Rossiya harbiylari urushning o‘tgan davrida Donbasning Lugansk qismidagi 347 ta sog‘liqni saqlash muassasasini vayron qilib, minglab odamlarning hayotiga tahdid solgani haqida bayonot berdi.

Diplomatiya, sanksiyalar va yordam

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrish Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokara o‘tkazish uchun Rossiyaga bordi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba BMT rahbarini qamaldagi Mariupol portini evakuatsiya qilish uchun Rossiyaga bosim o‘tkazishga chaqirdi va jahon tashkiloti erisha olishini aytdi.

Qo‘shma Shtatlar taklifiga binoan 40 ta davlat Germaniyada xavfsizlik bo‘yicha sammit o‘tkazishi va Ukrainaga qurol yetkazib berish hamda urush tugaganidan keyin mamlakatning uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlashni muhokama qilishi belgilandi.

Urushning 62-kunidagi muhim bayonotlaridan biri RF Tashqi ishlar vaziri Lavrov tomonidan bildirildi. U butun dunyoni yadro urushi xavfini e’tiborsiz qoldirmaslikka chaqirdi va NATOni Kiyevni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash orqali Rossiya bilan “mohiyatan” urush olib borayotgan deb hisoblashini aytdi.

TIV rahbari, shuningdek, Ukraina bilan tinchlik muzokaralari davom etishini aytdi, biroq Kiyevning muzokaralarga yondashuvini tanqid qildi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa kecha, 26 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an Putin bilan suhbatda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida yuzaga kelgan ijobiy munosabatni saqlab qolish barcha tomonlarning manfaatlariga mos ekanligini aytgan.

Buyuk Britaniya Kiyevga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda yordam berish uchun Moskvaga ba’zi texnologiyalar eksportini taqiqlash bilan birga, Ukrainadan tovarlar import qilish uchun o‘rnatilgan barcha tariflarni olib tashlaganini aytdi.

Yevropa Ittifoqining jinoiy adliya bo‘yicha hamkorlik agentligi Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi Ukrainadagi urush jinoyatlari haqidagi da’volarni tergov qilish bo‘yicha qo‘shma guruhda ishtirok etishini e’lon qildi.

Urushdagi yo‘qotishlar

Ukraina harbiylari bergan ma’lumotga qaraganda 24 fevraldan 27 aprelgacha Rossiyaning 22 400 askari urushda halok bo‘lgan.

Buyuk Britaniya esa urush boshlanganidan buyon 15 000 rus askari halok bo‘lganini taxmin qilmoqda.

Shu bilan birga BMT 25 aprel holatiga 5 mln 264 ming ukrainalik Rossiya hujumi boshlangach, Ukrainani tark etganini qayd etdi.

Tashkilotning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra urush boshlanganidan beri jami 2729  tinch aholi o‘ldirilgan (879 erkak, 595 ayol, 61 qiz va 73 o‘g‘il, shuningdek, jinsi hali noma’lum 67 bola va 1054 kattalar) va 3111 nafari jarohatlangan (358 erkak, 289 ayol, 65 qiz va 72 o‘g‘il, shuningdek, jinsi hali noma’lum 162 bola va 2165 kattalar)
 

Kamron Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya – Ukraina urushi

Baholaganlar

213

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar