Rossiya-Ukraina muzokaralaridan mo‘’jiza kutish kerak emas – Peskov
Olam
−
22 iyul 2025 4616 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundi yakunidan mo‘’jizaviy yutuqlar kutilmasligi kerak, chunki bu murakkab masala. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 22 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Rostini aytganda, Ukraina bo‘yicha murosa jarayoni shu darajada murakkabki, hatto almashinuvlar yoki halok bo‘lganlar jasadlarini qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishishning o‘zi ham allaqachon natija hisoblanadi. Mo‘’jizaviy yutuqlar bo‘yicha umid qilishga hech qanday asos yo‘q, bu deyarli imkonsiz”, degan Peskov.
Shuningdek, Prezident matbuot kotibi uchinchi raund sanasi noma’lumligi, Moskva joriy haftada Kiyev vakillari bilan uchrashishi mumkinligini aytgan.
“Tayyor bo‘lishimiz bilanoq, sanalar haqida e’lon qilamiz. Moskva va Kiyev uchrashuvi uchun maydon hozircha Istanbul bo‘lib qolmoqda”, Peskov.
Peskov, qolaversa, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tilga olganidek, ikki davlat yetakchilari darajasidagi muzokaralar ehtimoli haqida ham izoh bergan. Rossiya Prezidenti matbuot kotibining ta’kidlashicha, Ukrainada hanuzgacha Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borishga ruxsat yo‘q.
Rossiya va Ukraina vakillari avvalroq Istanbulda ikki marta – 16 may va 2 iyun kunlari uchrashgan. Uchrashuvlar davomida tomonlar mahbuslarni almashish, shuningdek, vaziyatni hal qilish bo‘yicha memorandumlar versiyalarini almashish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Independent” gazetasi diplomatik manbalarga tayanib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi Turkiyaning Istanbul shahrida joriy yilning 23 yoki 24 iyul kunlari bo‘lib o‘tishi mumkin ekanini xabar qilgandi.
Live
Barchasi