Rossiya-Ukraina muzokaralarining 3-raundi taxminiy sanasi aytildi

Olam

image

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi Turkiyaning Istanbul shahrida joriy yilning 23 yoki 24 iyul kunlari bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda “Independent” gazetasi diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashrning xabar berishicha, bo‘lajak uchrashuv “cheklangan masalalar bo‘yicha texnik muzokaralar” formatida bo‘ladi. Tomonlar gumanitar yordam, mahbuslar almashinuvi, infratuzilma xavfsizligi, chegaralarni himoya qilish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda. Delegatsiyalarning o‘tkaziladigan joyi, vaqti va tarkibi haqidagi ma’lumotlar hozircha oshkor etilmagan.

Rossiya va Ukraina vakillari avvalroq Istanbulda ikki marta – 16 may va 2 iyun kunlari uchrashgan. Uchrashuvlar davomida tomonlar mahbuslarni almashish, shuningdek, vaziyatni hal qilish bo‘yicha memorandumlar versiyalarini almashish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Iyun oyi oxirida Rossiya hukumati muzokaralarning yangi bosqichiga tayyorligini tasdiqladi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, 19 iyun kuni Prezident yordamchisi va Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Kiyev vakili bilan gaplashgan.

Ukraina shu hafta yangi yig‘ilish o‘tkazishni taklif qildi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalgi uchrashuvlarda erishilgan mahbuslarni almashish kelishuvlari amalga oshirilgandan so‘ng keyingi muzokaralar bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Rossiyaning TASS axborot agentligi anonim manbaga tayanib, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarning yangi raundining sanasi hali ham kelishib olinayotgani va o‘z vaqtida e’lon qilinishini xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ukraina o‘rtasida olib borilayotgan muzokaralarning ikkinchi bosqichi Istanbul shahrining Chirag‘an saroyida 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Rossiya-Ukraina Putin Vladimir Medinskiy Zelenskiy muzokara stoli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing