Rossiya Ukraina masalasini 2026 yilgacha hal qilmoqchi – razvedka
Olam
−
27 mart
5029Rossiya AQSH va Xitoy darajasiga yetib olish uchun Ukrainadagi urushni 2026 yilgacha hal qilishni mo‘ljallagan. Umuman olganda esa Moskva 2045 yilgacha bo‘lishi mumkin bo‘lgan 15 ta harbiy mojaro ssenariysini ishlab chiqqan. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Vadim Skibitskiy “Yevropa xavfsizligining yangi konturlari” mavzusidagi davra suhbatida ma’lum qildi.
Ukraina razvedkasi vakilining ta’kidlashicha, Kreml 2045 yilgacha bo‘lishi mumkin bo‘lgan 15 ta harbiy mojaro ssenariysini ishlab chiqqan, ulardan oltitasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Shimoliy Yevropa bilan bog‘liq. Uning fikricha, barchaga Rossiya tomonidan tahdid borligi ayon.
“Shimoliy Yevropa tushunmoqda, Boltiqbo‘yi davlatlari tushunmoqda, Polsha tushunmoqda. Polsha uchun to‘rtta harbiy mojaro ssenariysi mavjud. Polsha hozir bu to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ekanini anglamoqda”, dedi u.
Skibitskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 2026-2035 yillar uchun geosiyosiy prognoz yaratgan va uning oqibatlari 2045 yilgacha baholangan. Unga ko‘ra, tegishli hujjatlarda “Ukraina masalasi” 2026 yilgacha hal etilishi shartligi belgilangan.
“Chunki agar urush yana 5-10 yil davom etsa, Rossiya hech qachon AQSH hamda Xitoy bilan bir darajaga chiqa olmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Skibitskiy.
Skibitskiyga ko‘ra, Ukraina Yevropa xavfsizlik tizimini qayta tashkil etishning yangi yondashuvlarida muhim rol o‘ynamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp “Newsmax” media kompaniyasiga bergan intervyusida Rossiya Ukraina bilan sulh bitimini imzolashni ataylab kechiktirayotganini aytgan edi.
LiveBarchasi