Rossiya Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shiladimi?

Olam

image
0:00
0:00
download

Ko‘plab turkiy xalqlar yashab, istiqomat qilib kelayotgan Rossiya Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lishi mumkinmi? Shu kunlarda xalqaro hamjamiyat va OAVda ko‘tarilayotgan ushbu dolzarb savolga Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amriyev Qozog‘istonning “Exclusive” nashri muxbiri bilan suhbatda javob berdi. 

“Dunyoda turkiy xalqlar istiqomat qiladigan davlatlar juda ko‘p: Rossiya, Xitoy, Eron, Afg‘oniston, Yevropa va AQSH. Tabiiyki, biz birodarlarimiz taqdiriga befarq emasmiz. Biroq davlatlararo birlashma sifatida biz faqat davlatlar va markaziy hukumatlar bilan ishlay olamiz va ichki ishlarga aralashishda ayblanmaslik uchun turkiyzabon jamoalar bilan bevosita hamkorlik qila olmaymiz. 

Turkiy ozchiliklar bilan aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish, turkiy xalqlarning madaniy merosini, ilm-fan, ta’lim va tarixini targ‘ib qilish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan TURKSOY va Turkiy Akademiya kabi tashkilotlarimiz mavjud. 

Rossiyaga kelsak, amaldagi Kuzatuvchilar to‘g‘risidagi Nizom unga ham tegishli. Shu bilan birga, biz Rossiya bilan ham, boshqa do‘st davlatlar bilan ham sheriklik uchun ochiqmiz. 

Bunday savol tug‘ilganda, men doimo Tashkilotimizga a’zo davlatlar Rossiya uchun eng do‘stona va yaqin davlatlar ekanligini eslatib turaman. Dunyoda Rossiyaga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston, hatto Turkiyadan yaqin va do‘st davlat bo‘lmasa kerak. Bundan tashqari, Rossiya bilan munosabatlarimizning barcha ehtiyojlari allaqachon mavjud bo‘lgan juda ko‘p ikki tomonlama shartnomalar bilan mustahkamlangan”, deydi Amriyev.

Mavjud tartibga ko‘ra, Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi bo‘lish istagini bildirgan davlatlarda konstitutsiyaviy va milliy darajada turkiy tillardan biri butun hududida davlat yoki rasmiy til bo‘lishi kerak. Shuningdek, kuzatuvchi davlatlar soni a’zo davlatlarnikidan oshib ketmasligi ham belgilangan. 

Amriyevga ko‘ra, bugungi kunda Osiyo, Yevropa va hatto, Lotin Amerikasidan 15 ta mamlakat tashkilotda kuzatuvchi maqomini olish uchun murojaat qilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar hamkorlik kengashiga 2009 yilda Naxichevan bitimi bilan Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Qirg‘iziston boshchiligida asos solindi. O‘zbekiston oradan 10 yil o‘tib, 2019 yilning sentyabr oyida Kengash a’zoligiga kirdi. 2021 yilning noyabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Kengash nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirildi va Turkmaniston kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Ayni vaqtda tashkilot bayrog‘i Yevropada ham hilpiramoqda. Vengriya allaqachon ushbu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

214

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing