Rossiya tunda yana Kiyevni bombardimon qildi. O‘nlab qurbonlar bor (video)

Olam

image

Rossiya qo‘shinlari bugun, 5 avgustga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyev shahri va Kiyev viloyatiga ballistik raketalar hamda dronlar bilan hujum uyushtirdi. Hujum oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, 50 ga yaqin odam yaralandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan. Ularning 9 nafari Brovari tumanida, 4 nafari Bucha tumanida, yana bir nafari Fastiv tumanida vafot etgan. Shu bilan birga, yana kamida 22 kishi jarohatlangan.

Hujum natijasida Bucha, Brovari va Fastiv tumanlarida vayrongarchiliklar qayd etilgan. Brovari tumanida omborxonalar va ishlab chiqarish binolari shikastlangan. Bucha hamda Fastiv tumanlarida ham ombor binolariga zarar yetgan.

“Ukrzalіznitsya” kompaniyasining ma’lum qilishicha, Kiyev viloyatida hujum nishoniga aylangan logistika markazlari yaqinidagi temiryo‘l platformasida bo‘lgan odamlar orasida ham qurbonlar bor.

Hujum Kiyev shahrining o‘ziga ham uyushtirilgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, poytaxtda bir kishi halok bo‘lgan, yana 26 kishi jarohatlangan. Ularning 16 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 4 nafarining ahvoli og‘ir.

Klichkoning qayd etishicha, Goloseyev tumanida xususiy turar-joy binosi va omborxona vayron bo‘lgan. Vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ushbu tumandagi noturar joy hududiga zarba berilgani oqibatida ammiak sizib chiqishi yuz bergan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya droni kecha, 4 avgust kuni Ukrainaning Xerson shahrida ko‘cha bo‘yida sabzavot sotayotgan erkakni ta’qib qilib, unga zarba bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing