Rossiya droni Xersonda sabzavot sotuvchisini “ovladi“ (video)
Olam
−
11:13 4658 2 daqiqa
Rossiya droni kecha, 4 avgust kuni Ukrainaning Xerson shahrida ko‘cha bo‘yida sabzavot sotayotgan erkakni ta’qib qilib, unga zarba berdi. Voqea aks etgan video e’lon qilinganidan so‘ng Ukraina Moskvaning harakatlarini urush jinoyati deb baholadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ukraina politsiyasi tomonidan e’lon qilingan videoda dron ko‘cha bo‘yida savdo qilayotgan erkakni mikroavtobus atrofida quvib yurgani, u transport vositasi ortiga yashirinishga uringan paytda esa portlagani aks etgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 52 yoshli sotuvchi erkak omon qolgan, biroq miya chayqalishi va kichik jarohatlar olgan.
Keyinchalik jabrlanuvchining ismi Yuriy ekani ma’lum qilingan. Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin uning shifoxonadagi videomurojaatini ham e’lon qilgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa ushbu videoga munosabat bildirib, Rossiya Xersonda tinch aholiga qarshi “dron safari” uyushtirayotganini aytgan.
“Bugun ko‘pchilik rossiyaliklar Xersondagi tinch aholiga qarshi amalga oshirayotgan navbatdagi “dron safari” aks etgan videodan dahshatga tushdi. Rossiya aqldan ozgan. Biz Rossiyani dronlar sonini ko‘paytirish emas, tinchlik haqida jiddiy o‘ylashga majbur qiladigan tarzda harakat qilishimiz va hayotni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deb yozgan Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Aleksandr Prokudinning aytishicha, Yuriy o‘sha kuni ertalab bozorga sabzavot sotish uchun kelgan.
“Endigina soyabonni o‘rnatib, qutilarni tushira boshlagandim. Xotinim ham yonimda edi. Shunda g‘uvillagan ovozni eshitdik, ammo dronni ko‘ra olmadik. U bozor ortidagi butalar tomondan juda pastlab uchib keldi. Bu yer ochiq dasht, qochadigan joy yo‘q. Juda qo‘rqinchli edi. Haqiqatan ham juda qo‘rqinchli”, degan Yuriy.
Videoda u ikkala oyog‘i va orqa qismidagi jarohatlarini ko‘rsatgan. Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i qochishga ulgurgan va jarohatlanmagan.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ushbu hujum Rossiyaning tinch aholini qo‘rqitishga qaratilgan ataylab olib borayotgan kampaniyasining bir qismi ekanini aytgan.
“Xersondagi bu vahshiyona Rossiya urush jinoyati xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralanishi va adolat qaror topishi kerak. Biroq bunga o‘xshash minglab jinoyatlar jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmoqda”, deb yozgan u Telegram'da.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Qora dengizda Rossiyaning Novorossiysk portiga yo‘l olgan Turkiyaning yuk kemasiga hujum uyushtirgan edi.
Live
Barchasi