Tojik-afg‘on chegarasining eng zaif nuqtasi qayerda? Moskva uni mustahkamlamoqchi

Olam

image

Rossiya Tojikistonga Afg‘oniston bilan chegarasida harbiy post qurishi uchun 1,1 million AQSH dollari ajratdi. Tegishli kelishuv yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvda imzolanadi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Oleg Siromolotov “Interfaks”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz Tojikistonga moliyaviy yordam ko‘rsatamoqdamiz. Sheriklarimizning iltimosiga binoan, Rossiya ittifoqchisining Xatlon viloyatida Afg‘oniston bilan chegaraning eng zaif qismlaridan birida zamonaviy chegara posti qurilishi uchun 1,1 million dollar ajratmoqda”, deydi Siromolotov.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Rossiya Tojikiston bilan mudofaa boshqarmalari va maxsus xizmatlar orqali muntazam aloqalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bundan tashqari, Siromolotov tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyatni Rossiya armiyasi havo va elektron razvedka uskunalari yordamida kecha-kunduz kuzatib borayotganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, u agar ehtiyoj tug‘ilsa, Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi yordam berishga tayyor ekanini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistondagi harbiy keskinlik fonida Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy ob’ekti — Tojikistondagi 201-bazasi yangi namunadagi o‘tochar qurollar bilan modernizatsiya qilindi hamda olov purkagich va “Verba” ko‘chma zenit-raketa majmuasi bilan ta’minlandi.

 Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing