Rossiya Tartusdagi bazadan katta miqdordagi texnikani evakuatsiya qildi

Olam

image

Suriyaning Tartus portidagi Rossiya harbiy bazasidan harbiy texnikalarni olib chiqish boshlandi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yuklash jarayonini Rossiya harbiy floti jangovar kemasi kuzatib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda BBC Verify xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, joriy yil 24 yanvar kuni kuni Tartus portiga sanksiya ostida bo‘lgan Oboronlogistika kompaniyasiga tegishli Sparta va Sparta II yuk kemalari yetib borgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qaraganda, o‘tgan haftada port hududiga ko‘plab harbiy texnika olib kelingan. Tasvirlarda o‘nlab transport vositalari va katta hajmdagi uskunalar ko‘rinadi. BBC xabariga ko‘ra, Rossiya harbiylari Tartusga texnikani dekabr o‘rtalarida, Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng to‘play boshlagan. Rossiyaning boshqa Suriya hududlaridan Tartusga harakatlangan texnika kolonnalari sun’iy yo‘ldosh ob’ektiviga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, bir hafta oldin Tartus bojxona boshlig‘i Riyod Judiy yangi Suriya hukumati “Stroytransgaz” bilan 2019 yilda portni modernizatsiya qilish uchun tuzilgan 49 yillik shartnomani bekor qilganini e’lon qilgandi. Shartnoma bo‘yicha kompaniya keyingi to‘rt yilda port infratuzilmasiga 500 million dollardan ortiq sarmoya kiritishi lozim edi. Endi portni qayta tiklash ishlarini suriyaliklarning o‘zlari amalga oshiradi. Shundan so‘nggina Rossiya kemalariga portga kirishga ruxsat berilgan, avval ular harbiy kemalar kuzatuvida Suriya sohillarida suzib yurgan.

Harbiy-dengiz tahlilchisi Frederik van Lokerenning fikricha, hozir portda Rossiyaning yana ikki harbiy kemasi – “Ivan Gren” va “Aleksandr Otrakovskiy” turgan bo‘lishi mumkin. Ular ham evakuatsiyada yordam berayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu ma’lumotni Ukraina harbiy razvedkasi ham tasdiqlagan.

“49 yillik ijarani bekor qilish ortidan Rossiya Tartusdagi harbiy mavjudligini saqlab qolish imkoniga ega emasligi aniq bo‘ldi. Shu sababdan, bu yerdan evakuatsiyani cho‘zib o‘tirmasdan chiqib ketish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deya izoh berdi van Lokeren.

Shu bilan birga, texnika va uskunalarni olib chiqish jarayoni ma’lum vaqt talab qilishi haqida Yaqin Sharq institutining Suriya bo‘yicha dasturi vakili Anton Mardasov qayd etdi.

Sparta II portdan chiqqanidan keyin sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bo‘yicha ko‘plab konteynerlar va harbiy texnika yo‘qolgani kuzatilgan. Hozirda Sparta kemasiga yuklash ishlari davom etmoqda. Norvegiyalik harbiy-dengiz tahlilchisi Tur Are Iversenning ta’kidlashicha, evakuatsiya jarayonini Rossiya dengiz floti “Grachonok” klassidagi diversiyaga qarshi qayig‘i kuzatmoqda.

Rossiya armiyasining ko‘plab texnika va jihozlari asosan havo yo‘li orqali olib chiqilmoqda. Rossiyaning harbiy aviatsiyasi bilan bog‘liq Fighterbomber kanali ma’lumotiga ko‘ra, kemalar faqat samolyotda olib o‘tish imkonsiz yoki qimmatga tushadigan yuklarni tashimoqda. BBC shuningdek, Suriya Xmeymimdagi Rossiya aviabazasida faollik davom etayotganiga e’tibor qaratdi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Asad Suriya hududidan qochganidan beri katta yuk tashuvchi Rossiya samolyotlari muntazam ravishda harbiy texnika bilan yuklanayotganini ko‘rsatmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya Tartus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing