Rossiya Suriyadagi aerodromdan qo‘shinlarini olib chiqmoqda
Olam
−
09:35 2120 2 daqiqa
Rossiya Suriyaning shimoli-sharqida joylashgan Qamishli shahri yaqinidagi harbiy aerodromdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayon hukumat kuchlari mazkur hududdan kurd qurolli tuzilmalarini siqib chiqarganidan so‘ng boshlangan. Rossiya qo‘shinlarining chiqarilayotgani haqidagi axborotni “Kurdistan24” nashri ham tasdiqlagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha ushbu ma’lumotlarga izoh bermagan.
Nashrning ismi oshkor etilmagan ikki manbasiga ko‘ra, Rossiya o‘tgan haftadan boshlab Qamishli bazasidan harbiy xizmatchilar va texnikani olib chiqishni boshlagan. Manbalardan birining aytishicha, rossiyalik harbiylarning bir qismi Latakiya viloyatidagi Rossiyaning “Xmeymim” aviabazasiga yo‘naltiriladi, yana bir qismi esa Rossiyaga qaytariladi.
OAVga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Qamishli aerodromida 2019 yildan beri joylashib kelgan. Ushbu ob’ekt tinchlikparvarlik operatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanilgan bo‘lib, unda rossiyalik harbiylar kurd va Turkiya qo‘llab-quvvatlagan kuchlarni bir-biridan ajratishda ishtirok etgan.
Suriyada o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara hokimiyatga kelganidan so‘ng, hukumat qo‘shinlari mamlakatning shimoli va sharqidagi keng hududlarni nazoratiga oldi va u yerdan kurd kuchlarini siqib chiqardi.
Eslatib o‘tamiz, Suriyaning muvaqqat yetakchisi Ahmad ash-Shara Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish maqsadida ertaga, 28 yanvar kuni Moskvaga borishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda Suriyaning o‘tish davridagi hukumati Rossiya harbiylaridan Qamishli aerodromini butunlay tark etishni so‘rashi mumkin.
Live
Barchasi