Rossiya Suriyadagi harbiy bazalar uchun milliardlab dollar sarflashga tayyor – WSJ
Olam
−
06 mart
5096Rossiya Preidenti Vladimir Putin Suriyadagi ittifoqchisini yo‘qotganiga qaramay, u yerdagi harbiy bazalarini saqlab qolish niyatidan voz kechgani yo‘q. U bunga milliardlab dollar sarflashga tayyor, ayniqsa AQSHning yangi ma’muriyati hali Suriya bo‘yicha o‘z pozitsiyasini shakllantirmagan bir paytda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Moskva va Damashq bir qator mavzularda muzokaralar olib bormoqda, jumladan, Bashar Asad rejimi tomonidan chet elga olib chiqilgan mablag‘larni qaytarish va milliardlab dollar investitsiya qilish, Rossiyaning fuqarolar urushi paytida tinch aholiga qarshi bombardimonlari uchun uzr so‘rashi hamda Asadning ekstraditsiya qilinishi masalalari muhokama qilinmoqda. Muzokaralar joriy yil yanvarda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov va Prezidentning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentev mamlakatga borganidan keyin boshlangan. Ular Xmeymim aviabazasi va Tartus dengiz bazasining kelajagini muhokama qilishni rejalashtirgan, ammo suhbat kengroq iqtisodiy hamkorlikka yo‘naltirilgan.
Suriyaning yangi rahbariyati Rossiya bilan olib borilayotgan muzokaralarni Moskvaning urush chog‘ida yetkazgan zararini qoplash yo‘lidagi urinish sifatida taqdim etishga harakat qilmoqda. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa va Suriya rasmiylari yangi hukumatning Asadni topshirish talabi Kreml tomonidan rad etilganini ma’lum qilgan. Biroq vaqtinchalik Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara bilan telefon orqali suhbatlashgach, Putin Rossiya va oldingi hukumat o‘rtasida tuzilgan shartnomalar shartlarini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. Bu esa Damashq uchun asosiy talab bo‘lib, manbalarga ko‘ra, bu shartnomalar orasida hozirda to‘xtatilgan Tartus portini kengaytirish loyihasi, gaz konlari va fosfat rudalarini qazib olish hamda o‘g‘it ishlab chiqarish zavodi qurilishi bor.
Damashq, shuningdek, Asad Rossiyaga olib chiqqan mablag‘larni qaytarishni istamoqda. 2018–2019 yillarda Suriya markaziy banki Rossiyaning davlat bankiga taxminan 250 million dollar o‘tkazgan. Bundan tashqari, 2019 yilda korrupsiyaga qarshi Global Witness tashkiloti Asad oilasi Rossiyada 40 million dollardan ortiq qiymatdagi hashamatli kvartiralar sotib olganini aniqlagan.
“Bloomberg”ning yanvar oxirida yozishicha, dastlab Xmeymim va Tartus bazalarini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga erishishning iloji bo‘lmagan. Rossiyaning aviabazadagi faoliyati cheklangan, ikki transport kemasi esa harbiy texnikani olib chiqish uchun bir necha hafta davomida Tartusda ruxsat kutgan. Ushbu bazalar Putin uchun muhim, chunki ular Rossiyaning Sharqiy O‘rtayer dengizidagi harbiy ishtirokini ta’minlab, Afrikadagi operatsiyalarni olib borishga imkon beradi. Ularga muqobil baza deyarli yo‘q. Rossiya harbiylari Liviyadagi aviabazalardan foydalanish imkoniyatiga ega, ammo bu hudud maydon komandiri Xalifa Haftar nazorati ostida. Liviya, Yevropa va AQSH rasmiylariga ko‘ra, u yerda harbiy-dengiz bazasi qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgan bo‘lsa-da, ular natija bermayapti.
Putin va Ash-Shara o‘rtasidagi joriy yil fevral oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan telefon suhbati ortidan Damashq bilan muzokaralar jadallashgan. Bir necha kundan so‘ng Rossiyada bosib chiqarilgan 23 million dollarlik Suriya banknotalari ortilgan samolyot Suriya tomon yo‘l olgan. Shu bilan birga, Suriya uchun millionlab dollar mablag‘ ajratishni muhokama qilayotgan Qatar va Saudiya Arabistoni hozircha konkret qadamlar qo‘yishdan tiyilib turibdi. Ular AQSH Suriyaning yangi hukumatiga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashini kutmoqda, chunki ular ilgari terrorchi guruh sifatida tan olingan.
“Rossiyaning Suriyaga doir muzokaralardagi afzalligi shundaki, uni hech qanday axloqiy jihatlar to‘sib qo‘ymaydi va u hech kim bilan kelishmasdan qaror qabul qilishi mumkin. Asosiy savol shundaki, G‘arb o‘zini qanday tutadi va Suriya bilan qanday munosabat o‘rnatadi, shunda u Rossiyaga kamroq tayanishga majbur bo‘ladi”, deydi Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti ilmiy xodimi Anna Borshchevskaya.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil AQSHni Suriyani zaif va markaziy hukumatdan ajralgan holda qoldirishga, jumladan Rossiyaning harbiy bazalarini saqlab qolishiga ruxsat berishga da’vat etayotgani xabar qilingandi. Bu bilan Isroil Turkiyaning mamlakatdagi ta’sirining ortishini cheklashni maqsad qilgan. Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar G‘azo urushi davomida yanada keskinlashgan va Isroil rasmiylari Vashingtonga yangi Suriya hukumatining Anqara tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Isroil chegaralari uchun tahdid ekanini bildirgan. Bu harakatlar esa Isroilning AQSH siyosatiga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan keng ko‘lamli kampaniyasi borligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Suriya uchun muhim davrda – Bashar Asad hokimiyatdan ketganidan keyin yangi hukumat mamlakatni barqarorlashtirishga va AQSH sanksiyalarini bekor qilishga intilayotgan bir vaqtda bu yondashuv o‘z ahamiyatini oshirmoqda.
LiveBarchasi