Rossiya Sharqiy Yevropadagi yadroviy ob’ektlarga zarba berishi mumkin. Qanday qilib?
Olam
−
10 iyul 2023
16641Rossiya Xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev agarda Rossiyaning Smolensk viloyatidagi atom elektr stansiyasiga (AES) NATOning raketalari yordamida hujum qilishga urinish sodir etilsa, mamlakat Ukrainadagi bir qator AESlar va Sharqiy Yevropadagi yadroviy ob’ektlarga zarba berishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Agarda Smolensk (Desnogorsk) AESga NATO raketalari bilan hujum qilishga urinish tasdiqlansa, Rossiyaning bir vaqtning o‘zida Janubiy Ukraina AES, Rovno AES, Xmelnitskiy AES, shuningdek, Sharqiy Yevropadagi yadroviy ob’ektlarga bir vaqtning o‘zida zarba berishi ssenariysini ko‘rib chiqish kerak. Endi uyaladigan hech narsa yo‘q”, deb yozadi u.
Ma’lumot uchun, kecha, 9 iyul kuni bir qator Telegram-kanallarda Ukraina Qurolli kuchlari Smolensk atom elektr stansiyasiga raketa hujumi uyushtirishga uringani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Mazkur AES Rosenergoatom filiali bo‘lib, Smolensk viloyatining Desnogorsk shahridan uch kilometr uzoqlikda, Desnogorsk suv omborining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan. Stansiya 1982 yilda Smolensk shahridan 150 kilometr masofada qurilgan.
AES Telegram-kanalida aytilishicha, stansiyaning ikkita energobloki hech qanday muammosiz ishlamoqda, uchinchisida esa rejali ta’mir amalga oshirilyapti.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina tomoni Rossiya Zaparoje AESni portlatmoqchi ekanini da’vo qilib kelmoqda. O‘z navbatida, Rossiya ham Ukraina AESda terakt tayyorlayotganini iddao qilyapti. NATO esa Zaparoje AESdagi ehtimoliy terakt bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi