Rossiya savdo markazlari o‘zbek tadbirkorlariga 50 % chegirma bilan do‘konlarini ijaraga bermoqchi
Jamiyat
−
19 avgust 2022
8849Joriy yilning mart oyida Sravni.ru saytida Rossiyani tark etgan dunyoning 500 ga yaqin brendlari ro‘yxati e’lon qilindi. “Forbes” nashri esa Rossiyadan chiqib ketgan yirik xalqaro kompaniyalarda 200 mingdan oshiq xodim ishlashini ochiqladi.
Vaziyatdan unumli foydalanib qolishni istagan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatgan yoki ushbu bozorni butunlay tark etgan yirik xorijiy kompaniyalarning Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishi mumkinligini aytib, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha Hukumatga topshiriq bergan edi.
Xo‘sh, O‘zbekiston bu borada qanday ishlarni amalga oshiryapti?
Savdo-sanoat palatasi o‘zbekistonlik tadbirkorlarni brend korxonalardan bo‘shagan savdo do‘konlariga jalb qilishda Rossiya savdo markazlari kengashiga ko‘maklashmoqchi.
“Katta savdo majmualarida joylar bo‘shashi natijasida bizga ijara narxini 50% gacha chegirma bilan berishni taklif qilishdi. O‘zbekiston 2021 yilda 765 mln dollar tayyor kiyim-kechak mahsulotlari eksport qilgan bo‘lsa, shundan 85%i Rossiyadagi MDH davlatlari bozoriga to‘g‘ri keladi. Endilikda bizning milliy ishlab chiqaruvchilarimiz o‘zining mahsulotini [Rossiyadagi] rastalarga qo‘ysa, bu katta imkoniyatni yaratadi”, dedi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov.
Ammo bunda rossiyaliklarning ham o‘ziga yarasha shartlari bor. Unga ko‘ra, Rossiya savdo majmualaridan o‘zbek tadbirkorlariga alohida rasta ajratilganida, u yerda tekstil mahsulotlarining barcha turi – yosh bolalar kiyimidan tortib kattalar liboslarigacha sotilishi kerak.
“Odatda bizdagi tadbirkorlarning biri futbolka-mayka ishlab chiqaradigan bo‘lsa, ikkinchisi jinsi chiqaradi. Ularni birlashtirib Rossiyaga olib borishni biz o‘zimizning zimmamizga olganmiz”, deya qo‘shimcha qildi Vahobov.
Shuningdek, u mazkur chaqiruv O‘zbekistonning boshqa davlatlar sanksiyasiga uchrashiga sabab bo‘lmaydimi degan savolga "Yo‘q", deya javob qaytardi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi