Rossiya S-500 tizimini seriyali ishlab chiqarishni boshladi
Olam
−
25 aprel 2022
17816Rossiyaning “Almaz-Antey” konserni tomonidan ishlab chiqilgan istiqbolli S-500 “Prometey” zenit-raketa majmuasini (ZRM) seriyali ishlab chiqarish boshlandi. Kompaniya bosh direktori Yan Novikov yangi qurol davlat mudofaa buyurtmasida belgilangan muddatlarda qo‘shinlarga yetkazib berilishini ma’lum qildi.
“Hozirgi kunda S-500 tizimini seriyali ishlab chiqarish mahalliy fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlaridan foydalangan holda tashkil etilgan. Ushbu tizimning jangovar imkoniyatlari ilgari yaratilgan havo mudofaa tizimlari va havo hujumiga qarshi mudofaa majmualarining imkoniyatlaridan sezilarli darajada yuqori. S-500 rus aerokosmik mudofaa tizimining asosi bo‘lishga qodir”, degan Novikov “Milliy mudofaa” jurnaliga bergan intervyusida.
2021 yil iyul oyida Rossiya Mudofaa vazirligi S-500 havo mudofaa tizimi Kapustin Yar poligonida sinovdan o‘tkazilganini e’lon qilgandi. Ta’kidlanishicha, testlar majmuaning imkoniyatlarini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, “Almaz-Antey” konserni tomonidan ishlab chiqarilgan S-500 potensial dushmanning barcha balandlikdagi havo hujumining barcha mavjud va istiqbolli vositalarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. S-500 lar S-400 “Triumf” havo mudofaa tizimini almashtirishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi