Rossiya rus tilini bilmagan migrantlarni jarimaga tortishi mumkin
Olam
−
23 mart 2023
6254Rossiyada mehnat muhojirlari uchun til reytingini joriy etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, rus tilini bilmagan mehnat migrantlari jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu masala Davlat Dumasida chet el fuqarolarining Rossiyadagi ijtimoiy-madaniy moslashuvi va integratsiyasiga bag‘ishlangan davra suhbatida ko‘tarilgan.
Vazirlik ball tizimini joriy etishni taklif qilmoqda. Reyting xorij fuqarosi haqidagi faktik ma’lumotlar algoritmi asosida hisoblab chiqiladi.
Bu ballar chet elda kirishdan oldingi tayyorgarlikdan o‘tish yoki rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihon topshirish uchun berilishi mumkin.
Agar past reyting aniqlansa, migrant har oyda qonunda belgilangan tartibda davlatga “moslashuv to‘lovi”ni to‘lashi shart bo‘ladi. Bu chora chet el fuqarosining rus tilini o‘rganishga undash uchun qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, to‘lov miqdori moslashish davri tugagandan so‘ng (masalan, identifikatsiya kartasi olingan kundan boshlab bir yil o‘tgandan keyin) oshishi mumkin.
Kazakova avvalroq mehnat muhojirlari uchun shaxsiy daromad solig‘i bo‘yicha chegirmalar joriy etishni taklif qilgan. Ushbu tashabbusga ko‘ra, chet elliklar uchun rus tilini bilish darajasi, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslarini bilish darajasiga qarab soliqqa nisbatan chegirma koyeffitsiyenti joriy etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Moskvada pravoslav cherkovlarini qurish dasturida O‘zbekiston Respublikasi bilan ishchi kuchini yollash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik ko‘rib chiqilgan edi.
Shuningdek, Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakat Prezidenti huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissari Boris Titovning migrantlar uchun mehnat patentining amal qilish muddatini uch yilgacha oshirish taklifiga rozi bo‘lgan edi.
LiveBarchasi