Rossiyada patentning amal qilish muddati 3 yilga uzaytirilishi mumkin
Olam
−
15 mart 2023 7817 2 daqiqa
Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakat Prezidenti huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissari Boris Titovning migrantlar uchun mehnat patentining amal qilish muddatini uch yilgacha oshirish taklifiga rozi bo‘ldi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi migratsiya nazorati doirasida barcha zarur talablarga rioya qilgan holda patent berish muddatini 10 kundan 5 kungacha qisqartirishga, shu bilan birga uning amal qilish muddatini oshirishga tayyor.
Ma’lum qilinishicha, avvalroq Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissar Boris Titov hukumatga chet el fuqarolari uchun mehnat patentining amal qilish muddatini 12 oydan 36 oygacha uzaytirish bo‘yicha taklif yuborgan.
“Patent olish uchun arizani ko‘rib chiqishga qonunda belgilangan muddat 10 kundan oshmasligiga qaramay, uni olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni yig‘ish va qayta ishlash 20 kungacha vaqtni oladi. Oqibatda xorijlik ishchilar har yili bir oy davomida iqtisodiy aylanmadan chiqib ketadi, tadbirkorlar bundan zarar ko‘radi, byudjetga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kam tushadi. Patentning uch yilga uzaytirilishi ishchi kuchi tanqisligi sharoitida bunchalik ko‘p vaqtni behuda sarflamaslik imkonini beradi”, deydi Titov.
Bundan tashqari, komissar 3 yildan 5 yilgacha muddatga Rossiyaga kirishi taqiqlangan xorijlik ishchilarni reabilitatsiya qilish mexanizmini ham joriy etishni taklif qilgan.
Mamlakat Federal xavfsizlik xizmati va Moliya vazirligi Titovning takliflariga e’tiroz bildirmagan.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston va O‘zbekiston muayyan Rossiya kompaniyalari uchun mehnat resurslarini markazlashgan holda jalb qilish va hamkor davlatlar hududida hujjatlarning aksariyatini rasmiylashtirish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha imtiyozlarga ham rozi ekanini bildirgan.
Hozircha Mehnat vazirligi ushbu taklifga rozi bo‘lmagan.
Live
Barchasi