Rossiya razvedkasi AQSH va Ukrainaning “hamtovoq”larini o‘ldirishga uringan – FQB

Olam

image

Rossiya razvedka xizmatlari AQSH va Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan Yevropa davlatlarida ayrim shaxslarni kuzatish va o‘ldirishni rejalashtirgan. Bu haqda AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) rasmiylari ma’lum qildi.

Manxetten federal sudida oshkor qilingan ayblov xulosasiga ko‘ra, Rossiya razvedka xizmatlari bilan bog‘liq tarmoq AQSH va boshqa davlatlarda nishonga olingan shaxslarni kuzatish va keyinchalik o‘ldirish uchun odamlarni yollagan hamda ularga pul to‘lashga uringan. Tarmoqqa jalb qilingan shaxslardan, shuningdek, Ukrainaga ittifoqchi deb qaralayotgan Yevropa davlatlaridagi fuqarolik va harbiy infratuzilmalarga qarshi terrorchilik harakatlarini amalga oshirish so‘ralgan.

Nyu-Yorkdagi Federal qidiruv byurosi (FQB) bo‘limi rahbari Jeyms Barnakl tashkilot a’zolari Rossiya razvedka xizmatlari va ularning hamkorlari bilan birgalikda AQSH hududida hamda butun dunyoda odamlarni qo‘rqitish, tahdid qilish yoki o‘ldirish uchun til biriktirganini aytgan.

“FQB tinmay mehnat qilish orqali bu rejalarni barbod qildi”, degan u.

Vashingtondagi FQB bo‘limi rahbari Darren Koks ham bir nechta FQB bo‘limlari va hamkor tashkilotlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari Rossiyaning AQSH poytaxti va mamlakat bo‘ylab zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirishga urinishlarini to‘xtatganini bildirgan. Uning aytishicha, tahdid aniqlanganidan so‘ng FQBning Vashingtondagi bo‘limi va hamkorlari rejani to‘xtatish hamda Rossiya hukumatini o‘z harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida tezkor choralar ko‘rgan.

AQSH federal rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qiluvchi shaxslar tarmog‘i kamida 2024 yildan buyon butun dunyo bo‘ylab, jumladan AQSH hududida ham hujumlar va qotilliklarni rejalashtirgan hamda ayrimlarini amalga oshirgan.

Rasmiylar ushbu tarmoqni Rossiyaning dunyo bo‘ylab tashqi hujumlarni, jumladan qotilliklarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan apparatining bir qismi deb atagan.

Avvalroq tarmoq asosan Rossiya dissidentlari va mamlakatdan qochib ketgan sobiq amaldorlarni nishonga olgan. Biroq so‘nggi vaqtlarda u Ukrainaga ittifoqchi deb qaralayotgan davlatlarga e’tibor qaratgan.

Bayonotga ko‘ra, yaqinda tarmoq a’zolari AQSH hududida bir nechta odamni yollashga uringan. Rasmiylarning aytishicha, ular joriy yilning yozida AQSHda yashovchi bir shaxsni taniqli rossiyalik dissidentni kuzatish va o‘ldirish uchun yollagan.

Ayblov xulosasida “AQSH rezidenti-1” deb ko‘rsatilgan shaxs nishonga olingan jabrlanuvchi bilan bog‘liq ikki manzilga yuborilgani aytilgan. Unga kuzatuvni qanday olib borish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan va buning evaziga 1 ming hamda 1,5 ming dollar miqdorida haq va’da qilingan.

AQSH rezidenti kuzatuv ishlarini olib borib, nishonga olingan shaxs bilan bog‘liq manzillarning bir nechta fotosurati va videolarini ayblov xulosasida ko‘rsatilgan erkaklardan biriga taqdim etgan.

Keyinchalik unga nishonni qotillik yo‘li bilan “yo‘q qilish” yoki “g‘oyib qilish” uchun 40 ming dollar taklif qilingan. Biroq AQSH rezidenti bu taklifni rad etgan.

Ayblov xulosasida aytilishicha, taklif rad etilgach, uni bergan Rossiya razvedka xizmati a’zosi AQSH hududida bu ishni bajarish uchun boshqa bir nechta odamni jalb qilishga uringan. Buning uchun ularga katta miqdorda pul taklif qilingan.

Mazkur ish bo‘yicha jami 5 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilingan, biroq ularning hech biri hozircha qo‘lga olinmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing