Rossiya parlamenti 4 hudud anneksiyasini “qonuniylashtirdi”
Olam
−
04 Oktabr 2022
5740Rossiya parlamentining Federatsiya Kengashi (yuqori palata – tahr.) bugun, 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari”, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiya tarkibiga qabul qilish bo‘yicha to‘rtta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarni bir ovozdan ma’qulladi.
Hujjatlar 30 sentyabr kuni Moskvada imzolangan. Xalqaro shartnomalar, jumladan, yangi sub’ektlarning chegaralarini belgilash bilan bog‘liq. “Respublikalar” va viloyatlarning chegaralari ular tashkil topgan va Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qabul qilingan kunida mavjud bo‘lgan hududning chegaralari bilan belgilanadi. Xalqaro shartnomalar xorijiy davlat hududi bilan bog‘liq chegaralar Rossiya Federatsiyasining davlat chegarasi bo‘lishini belgilaydi.
Shartnomalarda, shuningdek, sub’ektlar Rossiyaga qabul qilingan kundan boshlab hozirgi nomlarini saqlab qoladigan ikkita respublika va ikkita viloyat tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan. Ularning rahbarlari gubernator maqomini oladilar. Sub’ektlar rahbarlari vazifasini bajaruvchi sub’ektlar qabul qilingan kundan boshlab 10 kun ichida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Mintaqaviy hukumatlar Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amaldagi gubernatorlar tomonidan tuziladi.
Joriy yilning 2 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Davlat Dumasiga Rossiya tarkibiga sub’ektlarni qabul qilish to‘g‘risidagi federal konstitutsiyaviy qonunlar, shuningdek, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish uchun taqdim etdi. Shu kuni Rossiya Konstitutsiyaviy sudi davlat rahbari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
LiveBarchasi