Isroil G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga tayyorlanmoqda
Olam
−
12 noyabr
4403Isroil Moliya vaziri, o‘ta o‘ng qanot “Diniy sionizm” partiyasi yetakchisi Betsalel Smotrich AQSHdagi prezidentlik saylovlarida Donald Trampning g‘alabasi tufayli 2025 yilda Iordan daryosi G‘arbiy Sohilining ba’zi qismlarini anneksiya qilishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash haqida topshiriq berdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Smotrichga ko‘ra, o‘zining birinchi prezidentlik muddatida Tramp AQSH elchixonasini Quddusga ko‘chirish, Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish, Golan tepaliklari ustidan Isroil suverenitetini va Yahudiya va Samariya (Iordan daryosining G‘arbiy Sohili uchun ishlatiladigan Isroil atamasi) hududlaridagi yahudiy shaharlarining qonuniyligini tan olish kabi qadamlarni qo‘ygan.
“Biz Yahudiya va Samariyadagi aholi punktlariga nisbatan Isroil suverenitetini e’lon qilishdan bir qadam narida edik va endi buni vaqti keldi. Men Mudofaa vazirligi huzuridagi shahar boshqarmasiga va Iordan daryosining G‘arbiy Sohilidagi Isroil fuqarolik ma’muriyatiga suverenitet qo‘llash uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha kompleks kasbiy tayyorgarlik ishlarini boshlash haqida ko‘rsatma berdim. 2025 yil Yahudiya va Samariyada Isroil suvereniteti yili bo‘lishi kerak,” dedi Smotrich.
Ma’lumot uchun, Tramp birinchi prezidentlik muddatining oxirgi yilida – 2020 yil yanvar oyida Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlikka erishish bo‘yicha “asr bitimi” deb nomlangan reja asosida ikki davlat o‘zaro tan olinishi zarurligini ta’kidlagan. Unda G‘arbiy Sohildagi mavjud yahudiy shaharlar ustidan Isroil suverenitetini tan olish ham ko‘zda tutilgandi.
2016 yilning dekabrida BMT Xavfsizlik kengashi 2334-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, Isroilning bosib olingan hududlarda turarjoy qurish faoliyatini to‘xtatishini talab qilgan edi. Biroq Isroil ushbu hujjat qoidalarini bajarishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar Isroilni G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil, Sharqiy Quddus va Golan tepaliklaridan chiqib ketishga chaqirgan edi.
LiveBarchasi