Rossiya muftiysi terakt payti odamlarni qutqargan qirg‘izistonlik o‘smirni mukofotladi
Olam
−
29 mart
15333Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi rahbari, muftiy Ravil G‘aynutdin “Krokus Siti Holl”da 100 dan ortiq odamni qutqarib qolgan 15 yoshli o‘smir Islom Xalilovga Rossiya musulmonlarining “Buyuk xizmatlari uchun” medalini topshirdi. Bu haqda bugun, 29 mart kuni Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdirlash marosimi juma namozi oldidan Moskva sobori masjidida bo‘lib o‘tgan.
“Odamlarni otishayotganda, hamma o‘z hayotini saqlab qolishga harakat qiladi. O‘z hayotini saqlash o‘rniga boshqalarning hayotini saqlab qolishga harakat qiladiganlar kam. Bugun oldingizda turgan yosh musulmon, yosh birodarimiz Islom Xalilov ham ana shunday mard, fidoyi insonlardan biri bo‘lib chiqdi”, deydi muftiy shayx Ravil G‘aynutdin.
O‘z navbatida, Islom Xalilov smenada o‘zi bilan birga bo‘lgan barcha yigitlarga minnatdorlik bildirib, ularning barchasi qahramon ekanini ta’kidladi. Taqdirlash marosimidan so‘ng Ravil G‘aynutdin va Islom Xalilov birgalikda juma namozini o‘qidi.
Eslatib o‘tamiz, Islom Xalilov 22 mart kuni “Krokus Siti Holl”da ishlagani va terakt paytida 100 dan ortiq odamni qutqargani xabar qilingandi.
LiveBarchasi