Rossiya Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berishni ikki baravar oshirdi
Olam
−
30 avgust
45162024 yilning yanvar-avgust oylarida Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Markaziy Osiyoga gaz eksportini ikki baravar oshirdi. Bu haqda konsern raisi Aleksey Miller sho‘ba korxonalar va tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya gazni Markaziy Osiyo – Markaz quvuri orqali maksimal darajada yetkazib beradi. Millerning aniqlik kiritishicha, 2023–2024 yillarda O‘zbekistonda anomal sovuqlar qayd etilgan qishda ham yetkazib berish hajmi yuqori bo‘lgan.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan juda jadal rivojlanmoqda. Bu esa biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi”, degan Miller.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2023 yil 7 oktyabrdan Rossiyadan Qozog‘iston orqali gaz sotib olmoqda. Mas’ullar hozirgacha gazning import narxi haqida ma’lumot bermay kelmoqda. 2024 yil fevral oyida O‘zbekiston hukumati Rossiya Federatsiyasidan gaz importini 3,5 barobarga, ya’ni 9 milliondan 32 million kub metrga oshirish maqsadida respublika magistral gaz tizimini modernizatsiya qilmoqchiligi xabar qilingan.
Mamlakatda gaz importi o‘sayotganiga qaramay, gaz eksporti to‘xtatilmagan. Iyul oyida 91,7 million dollarlik gaz eksporti amalga oshirilgan. Bu 2023 yilning iyuliga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p. Ya’ni o‘tgan yilning iyul oyida 63,9 million dollarlik gaz eksport qilingan.
2024 yil yanvar-iyul oylarida respublika jami 323,1 million dollarlik gaz eksportini amalga oshirgan. 2023 yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 341,9 million dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston xorijdan 983,7 million dollarlik tabiiy gaz import qilgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi