Rossiya maktablarida migrant o‘quvchilarning rus tilini bilish darajasi tekshirildi
Olam
−
28 noyabr
1873Joriy yilning oktyabr oyida Rossiya maktablarida o‘tkazilgan rus tilini bilish bo‘yicha diagnostikadan migrant bolalarning 58 foizdan ortig‘i muvaffaqiyatli o‘tdi, 23 foizdan ko‘prog‘ida o‘qishda qiyinchiliklar aniqlandi, taxminan 18 foizi esa rus tilini yaxshi bilmasligi yoki umuman bilmasligi aniqlandi. Bu haqida RBK xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur testlar Rossiyaning umumta’lim tizimiga voyaga yetmagan chet el fuqarolarini integratsiyalash jarayonini monitoring qilish doirasida o‘tkazilgan.
Chet el fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlarini rus tili va ijtimoiy-madaniy moslashtirish darajasini baholash tizimini sinovdan o‘tkazish loyihasini boshqarayotgan M. Akmulla nomidagi Boshqir davlat pedagogika universitetining Xalqaro aloqalar boshqarmasi rahbari Kseniya Gabdraxmanovaga ko‘ra, ushbu loyiha chet el fuqarolari farzandlarining Rossiya ta’lim tizimida o‘qishi, shu jumladan, til diagnostikasi va moslashtirish dasturlarini o‘rganishiga qaratilgan. Monitoring Rossiya Ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-2025 o‘quv yili boshida rus tili bo‘yicha diagnostikadan 154,8 ming nafar chet el fuqarolarining farzandlari o‘tgan, bu Rossiya ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan barcha migrant o‘quvchilarining 74,4 foizini tashkil qiladi. Monitoring butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan. 28 hududda migrant o‘quvchilarning 100 foizi diagnostikadan o‘tgan bo‘lsa, 32 hududda bu ko‘rsatkich 80 foizdan 99,9 foizgacha, 16 hududda esa 60 foizdan 79,9 foizgacha bo‘lgan. 12 hududda chet ellik o‘quvchilarning faqat 20 foizdan 59,9 foizgacha qismi diagnostikadan o‘tgan.
Bunday diagnostika o‘tkazish imkoniyati 2023 yilda Ta’lim vazirligi buyrug‘i kuchga kirganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Ushbu buyruqqa ko‘ra, maktablar tilni yaxshi bilmaydigan o‘quvchilar uchun diagnostika o‘tkazilgandan keyin qo‘shimcha rus tili ta’limi tashkil qilish huquqiga ega bo‘ladi. Diagnostika o‘tkazish tartibini maktabning o‘zi belgilaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi migrantlarning rus tilini bilmaydigan bolalarini maktablarga qabul qilishni taqiqlash bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi