Rossiya kuchlari Ukrainaga tegishli shaharni egallab oldi
Olam
−
09:38 4845 2 daqiqa
Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari Donetsk viloyatidagi muhim shaharlardan biri bo‘lgan Konstantinovka ustidan nazorat o‘rnatdi. Bu haqda Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov Prezident Vladimir Putinga bergan hisobotida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qo‘mondonlik punktiga tashrif buyurgan Putin shaharning egallanishini muhim strategik yutuq deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonidan, asosan, Rossiya neft sanoati ob’ektlariga uzoq masofali hujumlar kuchaygani munosabati bilan xavfsizlik zonalarini kengaytirish zarur.
Ukraina hozircha Rossiyaning Konstantinovka egallangani haqidagi bayonotiga munosabat bildirmagan. Gerasimov hisobotida Rossiyaning janubiy qo‘shinlar guruhi butun Donetsk viloyatini “ozod qilish” bo‘yicha hujum operatsiyalarini olib borayotganini aytgan. Moskva Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni urushning asosiy maqsadlaridan biri deb hisoblaydi.
“Guruh qo‘shinlari dushman mudofaasining Slavyansk–Kramatorsk–Konstantinovka mustahkamlangan hududidagi asosiy tayanch nuqtalaridan biri bo‘lgan Konstantinovka shahrini ozod qildi”, degan Gerasimov.
Rossiya harbiylari bir necha oydan buyon shaharning ayrim qismlari o‘z nazoratida ekanini bildirib kelayotgan edi.
“Barchamiz yaxshi bilamizki, bu shahar Donbassning muhim transport tuguni va yirik sanoat markazidir”, degan Putin shaharning strategik ahamiyatiga to‘xtalib.
Rossiya Mudofaa vazirligi Telegram-kanalida Konstantinovkadan ekani aytilgan videolar va suratlarni e’lon qilgan. Ularda vayron bo‘lgan binolar fonida Rossiya bayrog‘ini ushlab turgan harbiylar aks etgan.
Gerasimov, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari Konstantinovkadan taxminan 70 kilometr shimolda joylashgan Liman shahriga yaqinlashayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu shahar keyingi harakatlar uchun muhim logistika va strategik ahamiyatga ega.
Rossiyaning shimoliy qo‘shinlari qo‘mondoni Yevgeniy Nikiforov esa Ukraina dronlarining neft infratuzilmasiga hujumlarini to‘liq to‘xtata olmaganliklarini bildirgan. Bu hujumlar mamlakatda yonilg‘i tanqisligiga ham sabab bo‘lgan.
“Dushman fuqarolik ob’ektlarimizga qanchalik ko‘p hujum qilishga urinsa, qo‘shni hududda shunchalik kengroq xavfsizlik zonasini tashkil etishimizga to‘g‘ri keladi”, degan Putin bunga javoban.
Nikiforovning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari Xarkov va Sumi viloyatlari chegara hududlarida ham ilgarilashga erishmoqda. Moskva bu yerlarda bufer zonalarini kengaytirish zarurligini bildirib kelmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va boshqa rasmiylar esa yil boshidan beri Rossiyaning sharqiy Ukrainadagi ilgarilashi ancha sekinlashganini, Kiyev kuchlari esa ayrim hududlarni qayta nazoratga olganini ta’kidlab kelagan edi.
Putin bu da’volarni “goyoki erishilgan muvaffaqiyatlarni namoyish etishga qaratilgan axborot kampaniyasi” deb atagandi.
Eslatib o‘tamiz, 2 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaning poytaxti Kiyevga raketa va dronlar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirgan edi.
Live
Barchasi10:14