Rossiya Krivoy Rogga raketa zarbasi berdi. To‘rt kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
17 yanvar
3017Rossiya armiyasi Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyati Krivoy Rog shahridagi turli ob’ektlarga raketa zarbasi yo‘lladi. Bu haqda viloyat ma’muriyati rahbari Sergey Lisak ma’lum qildi.
Lisakning so‘zlariga ko‘ra, o‘quv muassasasi va turar-joy binolariga zarar yetgan. Hozircha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yetti kishi yaralangan. Ulardan to‘rt nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning bildirishicha, hujumda ballistik raketalar qo‘llangan.
“Har bir shunday terrorchilik harakati biz kim bilan munosabatda ekanimizni eslatib turadi. Rossiya o‘z-o‘zidan to‘xtamaydi – uni butun dunyoda hayot qadrini tushunadiganlar birgalikda bosim o‘tkazibgina to‘xtata oladi”, deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.
Davlat rahbari to‘rt kishi halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan va hujum fuqarolik infratuzilmasiga qaratilganini ta’kidlagan. Xususan, turar-joy binolari, o‘quv muassasasi va shahar infratuzilmasi ob’ektlari zarar ko‘rgan. Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari qutqaruv operatsiyalarini olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya armiyasi Ukraina hududida fuqarolik ob’ektlariga doimiy ravishda zarba berib kelmoqda. Masalan, o‘tgan yilning noyabr oyida Krivoy Rog shahrida ballistik raketa to‘qqiz qavatli uyga tegib, bir ayol va uning uch nafar farzandi halok bo‘lgan, 14 kishi yaralangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Bryansk viloyati Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan raketa zarbasiga uchragan edi. Zarba oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan. Zarba Selso shahrida joylashgan Bryansk kimyo zavodiga qaratilgan. Rossiyaning “Texmash” xoldingi tarkibiga kiruvchi ushbu zavod davlat mudofaa buyurtmalarini bajarish bilan shug‘ullanadi. Korxona turli sinfdagi o‘q-dorilar va raketalar ishlab chiqarishga, shuningdek, reaktiv tizimlar uchun snaryadlar yig‘ishga ixtisoslashgan. Zavodning quvvati 30 dan ortiq turdagi portlovchi moddalar ishlab chiqarishga imkon beradi.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar