Rossiya kompaniyalariga migrant ishchi kuchi yetishmayapti

Olam

image

Rossiya kompaniyalarining yarmidan ko‘pi (53%) xorijiy ishchilar yetishmasligidan shikoyat qildi, 46% esa migrantlarni yollash hajmidan "ma’lum darajada" qoniqishini bildirdi. Bu haqda “hh.ru” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga tayanib, "Kommersant" nashri xabar berdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p talab qilinadigan kasblar qatorida oddiy ishchilar (53%), quruvchilar (35%), xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (25%) va ishlab chiqarish xodimlari (23%) hisoblanadi. Rossiya kompaniyalarida ko‘pincha MDH va YeOII (48%) mamlakatlaridan kelgan xodimlar ishlaydi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va boshqa Osiyo mamlakatlaridan (Xitoy, Shimoliy Koreya, Vetnam, Tailand, Kambodja va boshqalar) ishchi kuchi mavjud. Afrikadan (Markaziy Afrika Respublikasi, Nigeriya, Zimbabve va boshqalar) va Yaqin Sharqdan (BAA, Iordaniya, Isroil va boshqalar) kelgan ishchi kuchi ulushi 10 foizni tashkil etadi.

Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSPP) tomonidan o‘tkazilgan shunga o‘xshash so‘rovda kompaniyalarning uchdan ikki qismidan ko‘pi mehnat migrantlarini jalb qilishdagi qiyinchiliklar haqida xabar bergan. Ularning 56 foizi asosiy muammo sifatida mehnat bozorida zarur mutaxassislarning yo‘qligini ma’lum qilgan, 38 foizi esa vakansiyalar bo‘yicha nomzodlar rus tili imtihonidan o‘tolmayotganini bildirgan.

Har beshinchi kompaniya (19%) mintaqalar tomonidan kiritilgan yollash cheklovlari yoki mintaqaviy darajada migrantlarni ishga qabul qilishga qo‘yilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlar haqida shikoyat qilgan. Shuningdek, 12 foizdan ko‘proq kompaniya davlat tomonidan migrantlar uchun ajratilgan kvotalar yetishmasligini bildirgan, 6,3 foizi esa yuqori malakali xorijiy ishchilarning mamlakatga kirish uchun ruxsat olishda qiynalayotganini ta’kidlagan.

RSPP so‘roviga ko‘ra, 82,8 foiz kompaniyalarda kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Ko‘pincha (42% hollarda) tashkilotlar vakansiyalarning 5-15 foizini to‘ldira olmayotganini bildirgan. 11 foiz kompaniya esa ishchi kuchi yetishmovchiligini 15-30 foiz atrofida baholagan. Shu bilan birga, 40 foizdan ortiq tashkilotlar malakali xodimlar yetishmasligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi COVID-19 pandemiyasi davrida kamaygan va 2022 yilda Ukrainada boshlangan urush tufayli tiklanmagan. 2023 yilda Rossiya mehnat bozoridagi xorijiy mehnat migrantlarining soni taxminan 3,5 millionni tashkil etgan. Bu pandemiyagacha bo‘lgan 2019 yil ko‘rsatkichidan deyarli 1 millionga kam.

"Krokus Siti Xoll"dagi teraktdan so‘ng noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning kuchayishi va migrantlarni urushga yuborish Rossiyada xorijiy ishchi kuchi yetishmovchiligini yanada oshirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya hukumatini migratsiya siyosatini kuchaytirgani uchun tanqid qilib, ayrim qabul qilingan choralar uning hafsalasini pir qilayotganini, chunki ular Rossiyani qo‘shni birodar hududlar bilan to‘qnash kelishiga olib kelishini ta’kidlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant ishchi kuchi RSPP

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made