“Rossiya KXDR pozitsiyasini tushunadi”. Janubiy Koreya vakili Moskvadan yordam so‘radi
Olam
−
13 Oktabr 2021
8224Rossiya Koreya yarimorolining yadroviy muammosi bo‘yicha muloqotni tiklashda muhim yordam berishi mumkin. Bu haqda Koreya Respublikasining tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha maxsus vakili No Gyu Dok Moskvaga uchishdan oldin ma’lum qildi.
“Hozirda Koreya yarimorolidagi tinchlik jarayoni to‘xtatilgan. Muloqotni tezlik bilan qayta boshlash kerak, bunda Rossiyaning o‘rni nihoyatda muhim”, deb ta’kidlagan diplomat.
Uning fikricha, Rossiya — Shimoliy Koreya pozitsiyasini yaxshi tushunadigan mamlakat.
“Koreyalararo munosabatlarni yaxshilash hamda AQSH va Shimol o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlash uchun biz Moskvadan avvalgidek konstruktiv rol o‘ynashda davom etishini so‘raymiz”, degan No Gyu Dok.
Ta’kidlanishicha, maxsus vakil Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Morgulov bilan birgalikda KXDR bilan muloqotni qayta tiklash yo‘llarini muhokama qiladi. Kutilishicha, Moskvadagi uchrashuvda boshqa masalalar, xususan, Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning 1950-53 yillardagi Koreya urushi tugaganini hujjatlashtirish tashabbusi ham muhokama qilinadi.
Bu joriy yilda No Gyu Dok va Morgulovning ikkinchi shaxsiy uchrashuvi bo‘ladi. Rossiya vaziri o‘rinbosari shu yilning avgust oyida Seulga tashrif buyurgan. Safar chog‘ida u AQSHning KXDR bo‘yicha maxsus vakili Song Kim bilan muzokara o‘tkazgan, suhbat davomida tomonlar Koreya yarimoroli atrofidagi vaziyatni hal qilish istiqbollarini muhokama qilgan.
LiveBarchasi